O‘zbekiston Favqulodda vaziyatlar vazirligining ma’lumotiga ko‘ra, 18 yanvar kuni mahalliy vaqt bilan soat 10:30 da Aqto‘be viloyati Irg‘iz tumanida «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 1068-kilometrida, Kalibay aholi punktidan 10-km uzoqlikda «Ikarus» rusumli yo‘lovchi avtobusi harakatlanish chog‘ida yonib ketgan, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Avtobus salonida 55 nafar yo‘lovchi (dastlabki ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekiston fuqarolari) va 2 nafar haydovchi bor bo‘lib, ulardan 5 kishiga Qozog‘iston Ichki ishlar vazirligi Favqulodda vaziyatlar qo‘mitasining Halokatlarda tibbiy yordam ko‘rsatish markazi tomonidan tibbiy yordam berilgan, qolgan 52 kishi voqea joyida vafot etgan.

Tirik qolgan besh kishining ikki nafari — 1988 yilda tug‘ilgan Ahror Isakov va 1980 yilda tug‘ilgan Isroiljon Mirzaahmedov O‘zbekiston fuqarosidir.

Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Qozog‘istondagi Elchixonasi xodimlari joyida yordam ko‘rsatish uchun zudlik bilan Irg‘iz tumaniga yuborildi.

Aqto‘be viloyati Favqulodda vaziyatlar departamenti viloyat hokimi o‘rinbosari rahbarligida tezkor shtab tashkil etdi. Bog‘lanish uchun aloqa raqamlari: +7 7132 56-29-62, +7 7132 56-68-85.

O‘zbekistonning Qozog‘istondagi elchixonasi ham tezkor bog‘lanish uchun telefon raqamini tashkil etdi: + 7 777 218 20 10, elektron pochta: emb-uzbekistan1@mail.ru.