O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Samarqandda yo‘l-patrul xizmati xodimlari va mast holatdagi Nexia avtomobili haydovchisi o‘rtasidagi mojaro aks etgan videorolikka izoh berdi.

IIV xabarida qayd etilishicha, 14 yanvar kuni ijtimoiy tarmoqlarda Samarqand shahrida yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan avtomobil haydovchisi o‘rtasida bo‘lgan janjal holati videotasviri joylashtirilgan.

IIV ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi yo‘l harakati qoidalarini qo‘pol ravishda buzib, avtomashinani boshqargan. Yo‘l-patrul xizmati xodimlarining qonuniy talablariga itoat qilmasdan harakatni davom ettirib, yo‘ldagi tirbandliklardan o‘tib ketish imkoniyati bo‘lmaganidan majburan to‘xtagan.

Ushbu joyga yetib kelgan YPX xodimlari haydovchidan avtomobil salonidan spirtli ichimlik xidi kelganligi tufayli ruldan tushib hujjatlarni taqdim qilishini so‘ragan. Shu vaqt avtomashina salonida o‘tirgan yo‘lovchi YPX katta inspektori oldiga kelib, hech bir sababsiz unga musht tushirgan va oyoqlari bilan tepgan.

Voqea joyiga naryad chaqirilib, tegishli hujjatlar rasmiylashtirilgan. Ekspertiza xulosalariga asosan haydovchi spirtli ichimlik iste’mol qilganligi va katta inspektorga tan jarohati yetkazib, ichki ishlar xodimlarining qonuniy talabiga itoat qilmaganligi uchun to‘plangan materiallar qonuniy hal qilinishi uchun prokuratura organlariga yuborildi.