O‘zbekiston Respublikasi Milliy xavfsizlik xizmati tezkor xodimlari Harbiy prokuratura va Bosh prokuratura huzuridagi Departament bilan hamkorlikda Samarqand viloyatida harbiy poligon qurish uchun tenderda yordam beraman, deb aldov yo‘li bilan pul olgan firibgarni qo‘lga tushirdi. Bu haqda «Xalq so‘zi» nashri xabar qildi.

«1974 yil Toshkent viloyati Pskent tumanida tug‘ilgan, Olmaliq shahrida yashab kelgan „Kompozit arsenal stroy“ MCHJ direktori bo‘lgan O‘tkir Abdunaimov xususiy pudrat tashkilotlaridan birining bosh direktoridan firibgarlik yo‘li bilan katta miqdorda xorij valyutasini olishga uringan», — deydi huquq-tartibot idorasi vakili.

U Samarqand viloyatida umumiy qiymati 42,5 milliard so‘mga teng harbiy poligonni qurish bo‘yicha tenderda yutib chiqishga go‘yoki yordam beraman deb 50 ming AQSH dollari talab qilgan.

Bu Abdunaimov tomonidan shu kabi qing‘irlikni birinchi marta amalga oshirilishi emas ekan. 2016 yil oktyabr oyida u pudrat tashkiloti bosh direktori qarindoshlaridan birini ham aldagan. Oqibatda yolg‘onga chuv tushgan tomon Sirdaryo viloyatida trassa uchastkasini qurish uchun o‘z ishchilaridan 50 million so‘m qarz bo‘lib qolgan.

Firibgar poytaxtning yangi TashMI hududida 20 ming AQSH dollarini avans sifatida naqd shaklda olayotganida qo‘lga olindi.

Ayni paytda O‘zbekiston Harbiy prokuraturasi tomonidan ushga shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 168 (firibgarlik) va 211(pora berish)-moddalari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilayapti.