2017 yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston oltin-valyuta zaxirasi yil davomida 1,4 mlrd dollarga oshib, 26,6 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Ilk bor oltin-valyuta zaxirasi hajmi haqidagi ma’lumot 2017 yil noyabrida rasman e’lon qilingan edi. Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov ular hajmi faqatgina kuz boshidan 750 mln dollarga ko‘payib, 26 mlrd dollarni tashkil etganini ma’lum qilgan edi.

Banklarga naqd pul tushumi oshdi. Jumladan, 2017 yilning birinchi yarmida bank kassalari orqali naqd pul aylanmasi bir oyda o‘rtacha 4,8 trln so‘mni tashkil etib, 900 mlrd so‘m miqdordagi naqd pul emissiya qilingan bo‘lsa, yilning ikkinchi yarmida bu ko‘rsatkich qariyb 2 barobarga ortib, 9,4 trln so‘mga yetdi, jumladan 2017 yilning dekabrida 2,3 barobarga ko‘tarilib, 11 trln so‘mgacha yetdi. Bunda naqd puldagi daromad va xarajatlar o‘rtasidagi muvozanat ta’minlangan.

Pul-kredit sohasidagi islohotlar ham tijoriy banklar faoliyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Jumladan, bank aktivlari va kredit qo‘yilmalari hajmi 2 barobarga oshib, mos ravishda 166,6 trln so‘m va 110,6 trln so‘mni tashkil etdi. 2017 yil yakunlari bo‘yicha tijoriy banklarda jami depozitlar hajmi 58,7 trln so‘mga yetib, 2016 yil bilan taqqoslanganda 61 foizga ko‘paydi.