O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligida YUNISEF ko‘magida ilk bor jinoyatga guvoh bo‘lgan yoki uning jabrdiydasiga aylangan voyaga yetmaganlar uchun mo‘ljallangan bolalarga do‘stona muhit yaratilgan tergov harakatlari xonasi ochildi. Bu haqda YUNISEF matbuot xizmati xabar qildi.

Mazkur xonada voyaga yetmaganlarning yoshi, yetukligi va psixologik holatlari hisobga olingan holda ular uchun xavfsiz va qo‘rqitmaydigan muhit yaratilgan.

Xona YUNISEF ko‘magida ilg‘or xalqaro amaliyotlar asosida ta’sis etildi. Himoyalanganlik muhitini yaratish, jarohatlar ehtimolini kamaytirish va bolalarga do‘stona munosabat o‘rnatish uchun so‘roq xonasi zamonaviy video va audio uskunalar bilan jihozlangan. Bu qayta so‘roqlar o‘tkazishning oldini olib, dastlabki tergovlar bosqichida ishonchliroq ko‘rsatmalar olishga imkon tug‘diradi. Axborot va kommunikatsiya texnologiyalarining joriy etilishi voyaga yetmagan jabrlanuvchi va guvohlarning huquq hamda qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlaydi.

Ichki ishlar vazirligi va YUNISEF jinoyatlar guvohiga aylangan yoki ularda jabrlangan voyaga yetmaganlar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha choralarni kuchaytirish hamda bu boradagi normativ-huquqiy bazani mustahkamlash bo‘yicha hamkorlikdagi ishlarni davom ettiradi. Ichki ishlar organlari voyaga yetmaganlar ishtirokidagi ishlarni yuritish uchun maxsus tayyorgarlikdan o‘tadi. Shuningdek metodik qo‘llanma va materiallar tayyorlash, O‘zbekistonning boshqa hududlarida ham shu kabi xonalarni tashkil etish rejalashtirilgan.