14 yanvar kuni20:40 da Spark avtomobilining 1999 yilda tug‘ilgan haydovchisi Toshkent halqa avtomobil yo‘lining Olmazor tumanidagi qismida ikki piyoda ayolni urib ketdi. Olingan tan jarohatlari natijasida piyodalar Toshkent tibbiyot akademiyasi shifoxonasiga olib borishda hayotdan ko‘z yumdi.

Yo‘l-transport hodisasida 1970 va 1966 yillarda tug‘ilgan Toshkentda istiqomat qiluvchi ayollar vafot etdi, deya xabar qildi Toshkent IIBB YHXB vakili «Gazeta.uz"ga.

Huquqni muhofaza qilish organlari ma’lumotlariga ko‘ra, haydovchi hushyor holatda bo‘lgan, biroq haydovchilik guvohnomasi va boshqa hujjatlarga ega bo‘lmagan. Bundan tashqari, avtomobil boshqa shaxsga tegishli bo‘lgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi bo‘yicha (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelsa) jinoiy ish qo‘zg‘atildi.