O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 16 yanvar kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sun Litszeni qabul qildi, deya xabar berdi O‘zA.

Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali bo‘lgani hamda mamlakatlar o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Prezident har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib elchiga «Do‘stlik» ordenini topshirdi.

Elchi Sun Litsze Shavkat Mirziyoyevga uning faoliyatini yuksak baholagani va «Do‘stlik» ordeni bilan mukofotlagani, shuningdek, O‘zbekistonda Xitoy diplomatik missiyasi faoliyatiga berilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

U O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bundan buyon ham faol ishtirok etish maqsadida ekanini ta’kidladi.