«O‘zbektelekom» AK 1 fevraldan mahalliy telefon aloqasi uchun to‘lovlar o‘rtacha 30 foizga, xalqaro telefon qo‘ng‘iroqlari va xalqaro sun’iy yo‘ldosh aloqa tarmog‘i tariflari 70 foizga oshiradi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Xabarda qayd etilishicha, ikki yildan ziyodroq vaqt mobaynida «O‘zbektelekom» AK sifatli xalqaro aloqani ta’minlash bo‘yicha xarajatlarni o‘z zimmasiga olib keldi. Bu yerda gap mavjud telefon kabellarini yangilash va yangilarini yotqizish, uskunalarni modernizatsiya qilish va boshqalar haqida ketmoqda. Qo‘shni davlatlar operatorlari stavkalarni oshirganiga qaramasdan kompaniya sun’iy ravishda pasaytirilgan narxlarda xizmatlar ko‘rsatib kelgan.

2017 yil oktyabrida kompaniya kelgusida xarajatlar qismini mustaqil ravishda qoplash imkoniyati yo‘qligi uchun xalqaro qo‘ng‘iroqlar tariflarini oshirish to‘g‘risida e’lon qilgan edi.

«Biroq abonentlarimizdan ko‘p sonli ariza va iltimoslar kelib tushgani sababli biz yana bir muddat xalqaro aloqa xizmatlari narxlarining tabiiy oshishini ushlab tura oldik», — deyiladi xabarda.

MDH davlatlarida aloqa xizmatlari tariflari tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki, milliy operatorlar narxlari 0,12 dan 1,24 AQSH dollarigacha atrofidani tashkil etadi. Jumladan, Rossiyada — 0,29 dan 0,51 dollargacha, Qozog‘istonda — 0,11 dan 0,37 dollargacha, Qirg‘izistonda — 0,12 dan 0,43 gacha, Turkmanistonda — 0,82 dan 1,24 gacha, Ukrainada- 0,25 dan 1,2 gacha, Moldovada — 0,32, Belarusda — 0,20 dan 0,25 gachani tashkil etadi.

«O‘zbektelekom» AK narxlari oshganidan keyin esa u 0,10 dan 0,13 dollargachani tashkil etadi.