Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2017 yil yanvar-dekabr oylarida O‘zbekistonda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 1 453,2 ming so‘mni (ish haqiga ustama, mukofot, rag‘batlantirish xususiyatiga ega to‘lovlar, kompensatsiya va ishlanmagan vaqt uchun haq kabi to‘lovlar kiritilgan, shuningdek uning tarkibida jismoniy shaxslar daromad solig‘i, ijtimoiy sug‘urta va kasaba uyushmasiga to‘lovlar ham mavjud) tashkil etib, 2016 yilning mos davriga nisbatan 12,3 foizga o‘sgan. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi xabar qildi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi eng yuqori moliyaviy va sug‘urta faoliyatida 2,694 mln so‘mni (respublikadagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan 85,4 foizga ko‘p), axborot va aloqada 2,499 mln so‘mni (71,9 foiz), sanoatda 2,092 mln so‘mni (43,9 foiz), tashish va saqlashda 1,946 mln so‘mni (33,9 foiz), qurilishda 1,808 mln so‘mni (24,4 foiz) tashkil etgan.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha 2016 yilga nisbatan o‘rtacha oylik ish haqining yuqori o‘sish sur’atlari moliyaviy va sug‘urta faoliyatida (25,9 foiz), axborot va aloqada (22,3 foiz), yashash va ovqatlanish bo‘yicha xizmatlarda (13,3 foiz) kuzatildi.

Agarda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi hududlar kesimida tahlil qilinsa, eng yuqori daraja Toshkent shahri hissasiga to‘g‘ri keladi — 1,986 mln so‘m (respublika o‘rtacha ko‘rsatkichidan 136,7 foiz ko‘proq). Bu borada Navoiy (1,926 mln so‘m) va Toshkent (1,559 mln so‘m) viloyatlari yetakchilik qilayotgan bo‘lsa, eng past ko‘rsatkich Namangan viloyati (1,140 mln so‘m) va Samarqand (1,157 mln so‘m) hissasiga to‘g‘ri keldi.

Manba: Statistika qo‘mitasi.

Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha xodimlar soni va ularga hisoblangan ish haqi fondining salmoqli hissasi:

  • ta’limda 19034 ta muassasada 982,1 ming (jami ishlovchilarga nisbatan ulushi 38,1 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 13,672 trln so‘mni (jami ish haqi fondidagi ulushi 30,4 foizni);
  • sanoatda 619 ta korxonada 479,6 ming (18,6 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 12,038 trln so‘mni (26,7 foizni);
  • sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatishda 1420 ta muassasada 420,4 ming (16,3 foizni) xodim ishlagan bo‘lib, ularga hisoblangan ish haqi fondi 4,948 trln so‘mni (11 foizni) tashkil etmoqda.