O‘zbekiston Futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov Milliy olimpiya qo‘mitasi (MOQ) prezidenti lavozimiga saylandi.

16 yanvar kuni Toshkentda MOQning navbatdan tashqari hisobot-saylov bosh assambleyasi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘FF matbuot xizmati. Unda O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Jismoniy tarbiya va sport Davlat Qo‘mitasi raisi Rustam Qurbonov, sport federatsiyalari va viloyatlardagi sport tashkilotlari rahbarlari ishtirok etishdi.

2017 yil yanvarida qo‘mita prezidentligiga «O‘zbekneftgaz» kompaniyasi boshqaruvi raisi Alisher Sultonov saylangan edi.

Milliy olimpiya qo‘mitasining yangi vitse-prezidentlari Murod Azimov, Alisher Sultonov, Oybek Qosimov va Salim Abduvaliyev bo‘lishdi.

Assambleyada so‘zga chiqqan Umid Ahmadjonov unga bildirilgan ishonchni oqlash va O‘zbekistonda olimpiya sport turlarini rivojlantirish uchun bor kuch va g‘ayratini ishga solishga va’da berdi.