Favqulodda vaziyatlar vazirligi O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi ko‘magida Ryazan viloyatida is gazidan zaharlanib vafot etgan to‘rt nafar O‘zbekiston fuqarosi jasadlarini Vatanga olib keldi. Bu haqda FVV Favqulodda vaziyatlarga boshqaruv markazi xabar qildi.

Jasadlar «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy avikompaniyasining «Moskva-Andijon», «Moskva-Termiz» va «Moskva-Buxoro» reyslari orqali olib kelindi.

FVV, Ichki ishlar vazirligi, prokuratura, tez tibbiy yordam xizmatlari va mahalliy hokimiyatlarning kuch va vositalari yordamida jasadlar doimiy yashash manzillariga yetkazilgan.

Vafot etgan o‘zbekistonliklar Andijon viloyatining Jalaquduq va Qo‘rg‘ontepa, Surxondaryo viloyatining Denov va Navoiy viloyatining navbahor tumanlarida dafn etildi.

Joylardagi davlat hokimiyat organlari dafn marosimlarini o‘tkazishda yordam ko‘rsatdi.

O‘zbekistonning Rossiyadagi elchixonasi is gazidan zaharlanib og‘ir ahvolda Ryajsk shahar markaziy shifoxonasidagi O‘zbekiston fuqarosiga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatilishi ustidan nazorat o‘rnatgan.