Tebinbuloq titan-magnit rudalari koni bazasida tog‘-kon majmuasini qurish rejalashtirilgan bo‘lib, u 2024 yilda foydalanishga topshiriladi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidentining 12 yanvardagi qarorida so‘z boradi.

Korxonaning loyihaviy quvvati yiliga 1 mln tonna po‘lat ishlab chiqarishga mo‘ljallangan. Cho‘yan va po‘lat ishlab chiqarish bo‘yicha ilg‘or texnologiyalarni joriy etish ko‘zda tutilgan.

Mas’ul tuzilma va mahkamalarga 1 aprelga qadar loyihani amalga oshiruvchi moliyaviy manbalar bo‘yicha takliflarni taqdim etish topshirildi.

Metallurgiya kombinati qurilishida bosh pudratchi sifatida «O‘zbekiston temir yo‘llari» kompaniyasi belgilangan bo‘lib, loyihani amalga oshirish uchun xalqaro kompaniyalar jalb etilgan holda konsorsium shakllantirish huquqi taqdim etildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev dekabr oyida Qoraqalpog‘istonga tashrifi chog‘ida loyiha qiymati 810 mln dollarni tashkil etishini ma’lum qilgan edi. Ikkinchi bosqichda esa 940 mln dollar sarmoya kiritiladi.