Jismoniy shaxslar patent asosida taksi xizmatlarini ko‘rsatish huquqiga ega bo‘lmadi. Bu haqda 13 yanvar kuni «Taraqqiyot strategiyasi» markazida bo‘lib o‘tgan brifingda O‘zbekiston moliya vazirining birinchi o‘rinbosari Ahadbek Haydarov ma’lum qildi.

2018 yildan jismoniy shaxslarga yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ro‘yxatdan o‘tib taksichilik faoliyati bilan shug‘ullanishga ruxsat berish rejalashtirilgan edi. Mazkur taklif soliq tushumlarini oshirish, qo‘shimcha zaxiralarni aniqlab olish va daromadlarni qonuniylashtirish uchun ishlab chiqilgan edi.

Biroq tasdiqlangan davlat byudjetida ushbu taklif o‘rin olmadi.

«Davlat byudjeti parametrlarida yakka tartibdagi patentlar kiritilishi ko‘zda tutilgan edi. Biroq murojaatlar va tanqidlar, shuningdek patentlashtirish sohasidagi mutaxassislar fikrlaridan so‘ng ushbu xizmat tasdiqlangan davlat byudjetidan chiqarildi», — dedi Ahadbek Haydarov.

U shunday qo‘shimcha qildi: «Ayrim mutaxassislar bunga tayyor emasligimizni ta’kidladi. Mazkur holatda yo‘lovchilar va haydovchilar hayoti xavf ostida qolayotgani inobatga olinib, xavfsizlik nuqtai nazaridan patentlarni joriy etishni ortga surish taklif qilindi».

Moliya vazirining birinchi o‘rinbosari taksi xizmatlarini patentlashtirish davlat byudjetiga u qadar katta daromad keltirmasligini ham ta’kidlab o‘tdi. «Bu davlat byudjetining yakuniy parametrlarida aytilmagan edi. Muayyan aniqliklar kiritilganidan so‘ng u profitsit bilan tasdiqlandi», — dedi u.

Ayni paytda tijoriy maqsadlarda avtomobil transportida yo‘lovchilarni tashish bilan faqatgina yuridik shaxslar shug‘ullanishlari mumkin.