O‘zbekistonda doimiy istiqomat qiluvchi aholi soni 1 yanvar holatiga ko‘ra 32 million 653,9 ming kishini tashkil etib, 2017 yil davomida 533,4 ming kishiga yoki 1,7 foizga ko‘paydi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi Demografiya va mehnat statistikasi boshqarmasi xabar qildi.

Shahar aholisi soni 16 million 533,9 ming kishiga yetib, umumiy aholi sonining 50,6 foizini tashkil etgan bo‘lsa, qishloq aholisi 16 million 120 ming kishiga yoki 49,4 foizga yetdi.

Viloyatlar kesimida Samarqand viloyatida aholi soning eng ko‘pni tashkil etdi — 3 million 719,6 ming kishi (respublika aholisining 11,4 foizi). Bu ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida 3 million 620,1 ming kishi (11,1 foiz), Qashqadaryo viloyatida 3 million 148,1 ming kishi (9,6 foiz) va Andijon viloyatida — 3 million 11,6 ming kishini (9,2 foiz) tashkil etdi.

2017 yilda 715, 5 ming go‘dak dunyoga keldi. Tug‘ilish koeffitsiyenti 1000 kishiga 22,1 promilleni tashkil etib, 2016 yil bilan solishtirilganda tug‘ilish koeffitsiyenti 0,7 promillega kamaygan.

2017 yilda eng ko‘p tug‘ilish Surxondaryo viloyatida qayd etilgan bo‘lib, ko‘payish har ming kishiga 25,7 dan 25,9 promillega oshgan. Qoraqalpog‘istonda esa 21,9 dan 20,7 promille, Farg‘onada — 22,2 dan 21ga, Toshkent viloyatida — 20,3 dan 19,2ga, Xorazmda — 22,2 dan 21ga, Buxoroda 20,9 dan 20 ga va Jizzaxda 24,5 dan 23,6 ga tushish kuzatildi.

Yil davomida 161,5 ming o‘lim ro‘yxatga olindi. O‘lim koeffitsiyenti 2016 yildagidan 0,1 promillega oshib, 5 promilleni tashkil etdi.

Andijon, Jizzax, Qashqadaryo, Namangan, Farg‘ona va Surxondaryoda o‘lim koeffitsiyenti birmuncha ko‘tarilgan. Jami vafot etganlarning 8,2 foizi mehnatga layoqatlilik yoshidan kichiklarni tashkil etsa, 27,6 foizi mehnatga layoqatga ega bo‘lgan yoshdagilardan iborat.

2017 yilda vafot etganlarning 59,9 foizi qon aylanish kasalliklari, 9,3 foizi yangi paydo bo‘lgan xastaliklar, 6,5 foizi baxtsiz hodisalar, zaharlanish va jarohatlanishdan, 5,7 foizi ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklari, 4,8 foizi nafas olish kasalliklari, 1,7 foizi infeksion va parazitar kasalliklar hamda 12,1 foizi boshqa turli xastaliklardan olamdan ko‘z yumgan.

Aholining tabiiy ko‘payishi 554 ming kishini tashkil etib, 2016 yil bilan taqqoslaganda 17,4 ming kishiga kamaygan (571,4 ming kishi).

2017 yil davomida FHDYO organlari tomonidan 306 ming nikoh qayd etildi. Surxondaryo (+26,6%), Jizzax va Namangan (+15,9%), Samarqand (+12,3%) va Qashqadaryo viloyatlarida (+11,2%) yangi oilalar soni bo‘yicha o‘sish qayd etilgan.

Yil davomida turmush qurgan qizlarning 21,6 foizi 20 yoshgacha, 70,2 foizi 20−29 yoshgacha, 8,2 foizi esa 30 va undan yuqori yoshda bo‘lgan. Erkaklar orasida 0,9 foizi 20 yoshgacha uylangan bo‘lsa, 83,5 foizi 20−29 yosh, 15,6 foizi esa 30 va undan yuqori yoshdagilardan iborat bo‘ldi.

Shu bilan birga, 2017 yil davomida FHDYO organlari 31,9 ming ajrimni ro‘yxatga oldi. Ajrashishlar soni Surxondaryo (+28,6%), Jizzax va Sirdaryo (+22,2%), Samarqand (+21,2%), Namangan (19%) viloyatlari va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (+18,2%) oshgan.

Yil davomida mamlakatga kelganlar soni 157,1 ming, chiqib ketganlar — 177,7 ming kishini, migratsiya saldosi esa -20,6 ming kishini tashkil etdi.

Toshkent viloyatida (-6200 kishi), Samarqand (-5200 kishi), Qashqadaryo viloyati (-4000 kishi) va Qoraqalpog‘iston Respublikasida (-4400 kishi) eng yuqori migratsiya saldosi qayd etildi.

Xorijdan kelganlarning 36,4 foizi Qozog‘iston, 31 foizi Rossiyadan, 18,1 foizi Tojikistondan, 3,3 foizi Turkmanistondan, 1,6 foizi Qirg‘izistondan, 9,6 foizi esa boshqa davlatlardan.

Xorijga yo‘l olganlarning 52,2 foizi Rossiya, 42 foizi Qozog‘iston, 0,5 foizi Qirg‘iziston va Tojikiston, 0,4 foizi Ukraina, 4,4 foizi boshqa davlatlar hissasiga to‘g‘ri keladi.

O‘zbekistonga 2094 kishi doimiy yashash uchun kelgan bo‘lsa, xorijiy davlatlarga 21,1 ming kishi doimiy yashashga chiqib ketgan.