11 yanvar kuni Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi va Shvetsiyaning Danfo kompaniyasi vakili Aleksey Shalashinskiy bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda O‘zbekiston viloyatlarida jamoat hojatxonalari infratuzilmalarini tashkil etish masalalari muhokama qilindi. Bu haqda Turizm qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Butun mamlakatda zamonaviy hojatxonalar tarmog‘ining tashkil etilishi O‘zbekiston turizm jozibadorligini oshirish borasidagi ishlar doirasida amalga oshirilmoqda. Turli xildagi hojatxonalar — mobil kabinalardan tortib to‘liq avtomatlashtirilgan punktlargacha ishlab chiqarishga ixtisoslashgan Danfo kompaniyasi hojatxonalar tarmog‘ining ehtimoliy operatori sifatida ko‘rilmoqda.

O‘zbekiston bozorida muvaffaqiyatli ish olib borishi uchun kompaniyaga mamlakat iqlimini (+45 dan -35 darajagacha), shuningdek kanalizatsiyaning mavjud emasligi, elektr va suvga ulanish imkoniyati bo‘lmasligini hisobga olgan holda hojatxonalarning turli namunaviy loyihalarini ishlab chiqish taklif qilindi.

Hojatxonalar o‘z utilizatsion sig‘imlari va suv uchun baklar, ayrim hollarda yoritish uchun quyosh batareyalari bilan ta’minlangan bo‘lishi mumkin. Vandalizmga qarshi himoyalangan va maksimal darajada ekologik tejamkor bo‘lishi, yuvish uchun odatdagidek 6−8 litr emas, balki 2 litrgacha suv sarflashi lozim.

Hojatxonalardan sifatli foydalanish uchun ularni GSM-aloqa va datchiklar bilan ta’minlash taklif qilindi. Ushbu tizimlar utilizatsion sig‘imlar to‘lgani va suv kam qolgani haqida operatorni xabardor qiladi. Imkoniyati cheklangan odamlar uchun sharoitlarning mavjudligi muhim jihat hisoblanadi.

Davlat turizm qo‘mitasi rahbari hojatxonalarni qurishda maksimal darajada O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulot va butlovchi qismlardan (sendvich-panellar, plastik quvurlar va detallar, mustahkamlash elementlari va boshqalar) foydalanish orqali tayyor mahsulot tannarxini arzonlashtirishni taklif qildi. Bundan tashqari, Danfo kompaniyasining turli ko‘rinishdagi hojatxonalarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlari o‘rganib chiqiladi.