2017 yilda O‘zbekiston yalpi ichki mahsulot hajmi 249,1 trln so‘mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 5,3 foizga o‘sdi. O‘tgan yil yakunlariga ko‘ra, YAIMning aholi jon boshiga hissasi 7,6 mln so‘mni tashkil etib, 2016 yilga nisbatan 3,6 foizga o‘sdi.

YAIM hisob-kitoblari bo‘yicha dastlabki ma’lumotlarni O‘zbekiston Davlat statistika qo‘mitasi e’lon qildi.

Milliy iqtisodiyotning barcha sohalari tomonidan yaratiluvchi yalpi qo‘shilgan qiymat YAIMning umumiy hajmiga nisbatan 89,8 foizni tashkil etib, 5,3 foizga o‘sgan.

YAIM o‘sishiga o‘tgan yilga nisbatan 6,9 foiz o‘sish qayd etgan xizmat ko‘rsatish sohasi katta hissa qo‘shdi. Yashash va ovqatlanish 3,9 foizga (YAIM tuzilmasidagi ulushi — 11,5 foiz), tashish va saqlash, axborot va aloqa -8,9 foizga (11 foiz) hamda boshqa xizmatlar — 7,3 foizga (24,8) o‘sdi.

Sanoatda qo‘shilgan qiymat 4,6 foizga o‘sib, YAIM tuzilmasida 26,7 foizni tashkil etdi. Sanoat ishlab chiqarishi tomonidan YAIMning o‘sishiga qo‘shilgan hissa 1,1 foiz punkti darajasida bo‘ldi.

Sanoat sohasidagi o‘sish tog‘-kon sanoati va karerlarni ishga tushirish (114,6 foiz) va qayta ishlovchi sanoatda (102,8 foiz) qo‘shilgan qiymatning o‘sishi hisobiga ta’minlandi.

Ko‘p kvartirali turar joylar, namunali loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi turar joylar, muhandislik va transport kommunikatsiyasi hamda ijtimoiy infratuzilma ob’ektlarining qurilishi natijasida qurilish ishlari hajmining o‘sishi 5,6 foizga yetdi. YAIM tuzilmasida qurilishning jami salmog‘i 6,8 foizni tashkil etdi. Qurilish sohasining YAIM o‘sishiga qo‘shgan hissasi 0,4 foiz punktni tashkil etdi.

O‘tgan yilda qishloq, o‘rmon va baliqchilik xo‘jaligida ham 2 foiz darajasidagi ijobiy o‘zgarishlar kuzatildi. YAIM tuzilmasida sohaning hissasi 19,2 foizni tashkil etib, YAIM o‘sishiga 0,4 foiz punkti miqdorida hissa qo‘shdi.

2017 yilda YAIM tuzilmasida mulkchilik shakli bo‘yicha 81 foiz ulush nodavlat sektor hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, 19 foiz davlat sektoriga mansub bo‘ldi.