2018 yilgi davlat byudjetida harbiy xarajatlar YAIM hajmiga nisbatan 4 foizgachani tashkil etadi. Bu haqda 11 yanvar kuni xalqaro press-klub yig‘ilishida Moliya vazirligi Davlat byudjeti bosh boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Ismonjon mamajonov ma’lum qildi.

«Yaqinda O‘zbekiston Mudofaa doktrinasi qabul qilindi. Davlat byudjetida Mudofaa doktrinasi va avval qabul qilingan boshqa hujjatlardan kelib chiqqan holda zarur mablag‘lar ajratish ko‘zda tutilgan. Bu mablag‘lar armiyamizni rivojlantirishimiz uchun yetarli. YAIMning 4 foizigacha miqdorda ajratish rejalashtirilmoqda», — dedi Ismonjon Mamajonov.

Seshanba kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev «O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa doktrinasi to‘g‘risida"gi qonunni imzolagan edi. Yangilangan doktrina dunyo va mintaqadagi vaziyatning rivojlanish dinamikasi, vujudga keluvchi xavf-xatarlarga tezkor munosabat bildirish zarurligi, shuningdek qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘lar va harbiy texnikalar bilan qayta ta’minlash, milliy mudofaa-sanoat majmuasini yaratishni o‘z ichiga oladi.

O‘zbekiston YAIMning 2018 yilda 290,6 trln so‘m miqdorida bo‘lishi bashorat qilinmoqda. Joriy yilda byudjetning daromad qismi YAIMning 21,4 foizi yoki 62,229 trln so‘m, xarajatlar esa YAIMning 21,4 foizi yoki 62,17 trln so‘m miqdorida bo‘lishi rejalashtirilgan.