Prezident Shavkat Mirziyoyev 9 yanvar kuni O‘zbekiston Markaziy banki faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Hujjatda tan olinishicha, mamlakatda pul-kredit siyosati mavjud salohiyat darajasida amalga oshirilmagan, pul-kredit mexanizmlari faoliyati va samaradorligini ta’minlovchi transmission mexanizmlar yetarlicha rivojlanmagan.

Farmon bilan Markaziy bank faoliyatining strategik maqsadli yo‘nalishlari belgilab olindi. Ular narxlar barqarorligi, bank tizimi barqarorligi va rivojlanishi, shuningdek to‘lov tizimlari barqarorligi va rivojlanishini ta’minlashdan iborat.

Hujjatga muvofiq Respublika bank kengashi, Pul-kredit siyosati bo‘yicha Respublika komissiyasi va Muddati o‘tgan debitorlik va kreditorlik qarzdorlikni qisqartirish va byudjetga to‘lovlar intizomini mustahkamlash bo‘yicha Respublika komissiyasi faoliyati tugatildi. Bundan tashqari, Markaziy bank qoshidagi O‘zbekiston moliya sektorini rivojlantirish agentligi tugatildi.

MB Vazirlar Mahkamasi tomonidan boshqariladigan davlat organlari ro‘yxatidan chiqarildi (qonun bo‘yicha u Senatga hisob beradi). Farmon bilan MBning takomillashtirilgan tashkiliy tuzilmasi ham tasdiqlandi.

Markaziy bankka 2018−2019 yillarda bosqichma-bosqich kadrlar xizmatining zamonaviy tizimini joriy etish topshirildi. Ushbu tizim kadrlarni saralash, ratsional joylashtirish, sifatli kadrlar zaxirasini shakllantirish hamda xodimlar mehnati samaradorligini oshirish va ularni rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.

Farmon orqali bankrot deb e’lon qilingan yoki kredit bo‘yicha qoplanmagan qarzdorlikka ega korxonalar mol-mulklarini banklar tomonidan sotilishi amaliyoti bekor qilindi. Bundan tashqari, banklarning investitsion kompaniyalar va jamg‘armalar, shuningdek bank faoliyatiga profillanmagan xo‘jalik sub’ektlarini boshqaruvchi kompaniyalar nizom jamg‘armasida ishtirok etishi taqiqlandi.