10 yanvar kuni Afg‘onistonning Xayraton shahrida O‘zbekiston Prezidenti nomidan afg‘on xalqiga 25 ta avtobus, 3 ta traktor va tirkama texnikalarini topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar qildi O‘zA. Tadbirda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Prezident ma’muriyati vakillari va Afg‘oniston hukumati ishtirok etdi.

Avtobuslardan afg‘on bolalarini maktablarga tashishda foydalanilishi kutilmoqda. O‘zbekiston delegatsiyasi huzurida uchta avtobus Xayraton ma’muriyatiga berildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Surxondaryo viloyatida Prezident Shavkat Mirziyoyev topshirig‘iga binoan Afg‘oniston fuqarolari uchun Ta’lim markazi tashkil etildi. 20 yanvar kuni bu yerga 100 nafarga yaqin talabalar yetib keladi.

Afg‘oniston tomoni O‘zbekistonning yetkazib berilayotgan elektr energiyasi hajmini oshirish, «Surxon-Puli-Xumri» elektr uzatish liniyasini qurishga tayyor ekanidan minnatdorchilik bildirdi. Mazkur tarmoq Kobul va shimoliy provinsiyalarning elektr energiyasiga bo‘lgan talabini qondirishi kutilmoqda. Bundan tashqari, O‘zbekiston Afg‘onistonga yetkazib berilayotgan elektr energiyasi narxlarini pasaytirdi.