Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tashabbusi bilan O‘zbekistonda mamlakat aholisi va sayyohlar uchun sayohatlarda qulay sharoitlar yaratish maqsadida jamoat hojatxonalari holati yaxshilanadi.

Davlat turizm qo‘mitasi matbuot xizmatining xabar qilishicha, bu bo‘yicha hujjat loyihasi tayyorlanib, tasdiqlashga kiritilgan bo‘lib, unga muvofiq respublikadagi hojatxonalar, umumiy ovqatlanish punktlari, mehmonxonalar, esdalik sovg‘alari do‘konlari, yo‘l yoqasidagi xizmat ko‘rsatish zonalari, istirohat bog‘lari, bozorlar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, avtomobillarni vaqtincha saqlash punktlari, xizmat ko‘rsatish ob’ektlari va boshqa aholi ko‘p to‘planadigan joylarni inventarizatsiyadan o‘tkaziladi.

Inventarizatsiya yakunlari bo‘yicha hojatxonalar mavjud bo‘lmagan joylarda bunyod etilib, mavjudlari joriy holatidan kelib chiqqan tarzda uch guruhga taqsimlanadi. Ular holati yaqin ikki yil ichida xorijiy davlatlar tajribalari inobatga olingan holda tegishli talablar asosida yaxshilanadi.

Davlat turizm qo‘mitasi tadbirkorlik sub’ektlariga o‘z hojatxonalari holatini yaxshilash hamda ularni toza va tartibli saqlay olishlari uchun soliq imtiyozlari taqdim etishni taklif qilmoqda.

Shunday qilib, birinchi toifaga mansub hojatxonalar yaxshi ta’mirlanib, soz holatdagi santexnika bilan ta’minlanishi, ularni tozalashning tizimlashtirilgan jadvalini joriy etish taklif qilinmoqda. Ya’ni, mas’ul xodim belgilangan vaqtda muntazam ravishda hojatxonani tozalab, hojatxona qog‘ozi, sovun va boshqa materiallarni almashtirib turishi, ular zaxirasini to‘ldirishi lozim bo‘ladi.

Ikkinchi toifaga mansub hojatxonalar (yaxshi konstruksiyaga ega, suv va kanalizatsiyaga ulangan) kapital ta’mirlanib, santexnikasi almashtiriladi va birinchi toifadagi kabi xizmat ko‘rsatish darajasi joriy etiladi.

Olis manzillarda joylashgan, suv ta’minoti va kanalizatsiya mavjud bo‘lmagan hamda qo‘lbola materiallardan tiklangan uchinchi toifaga mansub hojatxonalar esa rekonstruksiya qilinib, suv va kanalizatsiya muammosi bir necha tonnalik baklar hamda betonli o‘ralar, shuningdek assenizatorlik xizmatlari orqali hal etiladi.