O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov Prezident Shavkat Mirziyoyevning Tojikistonga rasmiy tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish uchun yaqin vaqtlarda qo‘shni davlatga boradi. Bu haqda Prezident 5 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashi sessiyasida ma’lum qildi.

«Abdulla Nig‘matovich Tojikistonga borib tashrifga tayyorgarlik qilib keladi. Biz katta-katta shartnomalarga qo‘l qo‘yamiz — temir yo‘l ham ochiladi Tojikiston bilan, elektr energiyasini uzatishga ham kelishdik. Qo‘shni bilan qanday yashash kerak bo‘lsa shunday yashash kerak. Hamma o‘tadi bu dunyodan, lekin qo‘shni bilan yaxshi bo‘lmaganni hech kim hech qachon kechirmaydi! Shuni hamma bilishi kerak. Biz uchun qo‘shnilarimizning hammasi yaxshi bo‘lishi kerak. Mana ko‘rayapsizlar, bu ishni qilayapmiz. Bu oson emas. 20 yillik muzni eritish kerak», — dedi davlat rahbari.

U jahon hamjamiyati O‘zbekiston yaqin davlatlar bilan til topishsagina do‘st bo‘lishi mumkinligini ta’kidlab o‘tdi.