Qishloq xo‘jaligi O‘zbekiston iqtisodiyotida eng muhim soha bo‘lib qolmoqda va yalpi ichki mahsulotning 17 foizini tashkil etmoqda. Mamlakatning oziq-ovqatga bo‘lgan talabini qondirish maqsadida qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish va qishloq aholisini ish bilan ta’minlash hamda ularning daromadini oshirish muhimdir.

O‘zgarib turuvchi iqlim aniq bir me’yorga ega bo‘lmagan yog‘inlar, sovuq qish va yozning quruq issig‘i ekinlar hosildorligining bir maromda oshishiga salbiy ta’sir etmoqda. Qishloq xo‘jaligida ekinlar hosildorligining pasayishiga ta’sir etuvchi omillardan yana biri bu yer va suvdan oqilona foydalanilmaslikdir. Irrigatsiya tarmoqlaridan samarali foydalanishning nisbatan pastligi va katta hajmdagi irrigatsiya tizimlarining ishlamasligi yerlarning meliorativ holatining yomonlashuviga, suvdan samarasiz foydalanuvga olib kelmoqda.

Suvni boshqarish va undan samarali ravishda foydalanish uchun sug‘orish texnologiyalarini fermer xo‘jaliklarida turli suv manbalaridan (yog‘ingarchilik, qo‘shimcha suvlar va suvning alternativ manbalari) foydalanilgan holda amalga oshirilishi, asosiy ekinlar uchun ozuqa elementlari va tuproq unumdorligini saqlash va kelajakda oshirish ekinlar xilma-xilligi (ekinlar diversifikatsiyasi) bo‘yicha qilinadigan ishlarning birgalikda olib borilishi ekinlar hosildorligini ma’lum darajada oshishiga sabab bo‘ladi. O‘zbekiston Prezidentining 2015 yil 29 dekabrdagi «2016−2020 yillarda qishloq xo‘jaligini yanada isloh qilish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori va mazkur faoliyatga tegishli boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirish uchun g‘o‘za va kuzgi bug‘doy maydonlari 220 ming gektarga qisqartiriladi va ulardan bo‘shagan yerlarga sabzavot, poliz, yem-xashak ekinlari va intensiv tipdagi mevali daraxtlarni joylashtirish rejalashtirilgan.

Birlashgan millatlar tashkilotining oziq ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan 2004 yildan beri amalga oshirilayotgan tuproq va suvdan unumli foydalanish hamda ekinlar xilma-xilligi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar qaror va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlarda belgilangan vazifalarni amalga oshirishga ushbu loyihalar muayyan darajada xizmat qilmoqda. Bu ilmiy amaliy ishlar asosan ishlab chiqarish sharoitida yer va suvdan foydalanishdagi muammolarni yechishda ekinlar mahsuldorligini oshirish baroborida tuproq unumdorligini saqlash, ozuqa elementlari va suvdan samarali ravishda foydalanishni oshirishga qaratilgan. Olingan natijalar shuni ko‘rsatmoqdaki, yangi namoyish etilayotgan yaxshilangan texnologiyalar evaziga yer va suvdan foydalanish hisobiga ekinlarning mahsuldorligini oshirish mumkin, qishloq aholisining daromadlarini hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash va mintaqani tabiiy zahiralarini saqlash hamda qishloq xo‘jaligining barqarorlashuviga olib keldi.

FAO o‘z e’tiborini lalmi va sug‘oriladigan yerlarda fermerlar daromadini oshirish ya’ni qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishda ekilayotgan ekinlarning hosildorligini barqaror ravishda oshirish bo‘yicha ishlarni joriy etgan. Tavsiya etilgan texnologiyalar fermerlar tomonidan qabul qilinib, ularning qatnashuvida katta maydonlarga joriy etilmoqda. Qo‘shimcha ravishda FAO tomonidan 2017 yil martdan o‘z ishini boshlagan «Qishloq xo‘jaligi ekinlarini diversifikatsiya va intensifikatsiya qilish» loyihasi yuqorida boshlangan ishlarni davom ettirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan.

Ag‘darib haydash va an’anaviy chuqur shudgorlashga asoslangan qishloq xo‘jaligidani agrotexnik tadbirlar tuproq holatining yomonlashuviga olib kelganligiga qaramay, qishloq xo‘jaligida shunday tushuncha borki, unga asosan ag‘darib haydash bilan chuqur xaydash yuqori hosildorlik garovi deb hisoblanadi. Lekin, shuni ta’kidlash joizki, katta mablag‘ sarflab kam foyda olish emas, balki kam xarajat qilib ko‘p foyda olish to‘g‘risida o‘ylab ko‘rish vaqti yetdi. Jahon amaliyotida resurslarni tejagan holda qishloq xo‘jalik ekinlaridan yuqori hosil olayotgan mintaqalar soni yildan yilga oshib bormoqda.

O‘zbekistonda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish texnologiyasini g‘o‘za qator orasiga kultivator yoki disk bilan yerni tayyorlab bug‘doy ekish texnologiyasining o‘rniga qo‘llash mumkin. Hozirgi vaqtda kultivator bilan ekilayotgan maydonlarda bug‘doyning ekish me’yori ancha yuqoridir (250 kg/ga). FAO tomonidan amalga oshirilgan turli loyihalarda ekish me’yorini kamaytirish va fermerlarning iqtisodini ko‘tarishda bir qancha izlanishlar olib borilgan. Paxtasi ikki-uch marta terib olingan g‘o‘za dalalarida to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish seyalkasida ekilganda ana’anaviy ekish usuliga qaraganda yuqori hosil berishi bilan birgalikda qo‘shimcha daromad ham keltirmoqda. Bunda to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish seyalkasidan kuzgi bug‘doy, kungaboqar, kunjut, g‘o‘za kabi bir qator qishloq xo‘jalik ekinlarini ekishda foydalanildi. Chet eldan keltirilgan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish seyalkalarining ish unumdorligi hamda uning iqtisodiy ko‘rsatkichlari eskidan ishlatilib kelinayotgan (SZ-3,6) seyalka ko‘rsatkichlari bilan taqqoslangan va quyidagi jadvalda aks ettirilgan. Agar mazkur qishloq xo‘jalik mashinalari (to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekadigan seyalkalar) O‘zbekistonda ishlab chiqarilsa, fermerlar ekinlarni yetishtirishdan yanada ko‘proq foyda olgan bo‘lar edi.

An’anaviy seyalka bilan ekish usulida shudgorlash, molalash, chizellash va ekish kabi bir necha texnologik jarayonlar bajarilib, g‘alla SZ-3,6 rusumdagi seyalka bilan ekilganda 100 gektar ekin maydoni uchun 7360 litr yoqilg‘i moylash materiallari sarflangan bo‘lsa, to‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish imkonini beruvchi yangi seyalka bilan bug‘doy ekilganda esa bir getar ekin maydoni hisobiga 860 litr (10 marta kamroq) yoqilg‘i moylash materiallari sarf qilingan. Ya’ni, 100 gektar ekin maydoni hisobiga tejab qolingan neft mahsulotlari miqdori 6500 litrni tashkil etgan.

Agarda tejab qolingan neft mahsulotlariga, qo‘shimcha ravishda ish haqi va traktorlar amortizasiyasi sarfini ham qo‘shadigan bo‘lsak, bir gektar maydon hisobidan fermerning tejamkorlik xisobiga oladigan foydasi miqdori ancha salmoqli bo‘lishi ko‘rinib turibdi. Shuningdek, ekin maydoniga tuproqqa ishlov berish uchun traktorlar kirishi soni kamayishi hisobiga tuproq zichlashishi jarayoni ancha kechikishi, yana qo‘shimcha ravishda ekinlar hosildorligi ortishi degani.

Xuddi shunga o‘xshash natijalar pushtaga ekilgan kuzgi bug‘doyda ham olingan hamda bu usulda urug‘ sarfi 50 foiz kamaygan va suv sarfi esa 30 foiz kamayganligi kuzatildi. Pushtaga ekuvchi seyalka bilan ekilgan jo‘xorida suv sarfi (O‘zbekistonda suvdan foydalanish juda muhim omildir) 32 foizgacha kamayganligi tajriba natijalariga ko‘ra aniqlandi. Pushtaga ekish texnologiyasi kuzgi bug‘doy, makkajo‘xori, jo‘xori va boshqa ekinlarda sinab ko‘rildi olingan natijalar esa kelajakka ishonch bilan qarashga undaydi. Pushtaga ekadigan seyalkalar O‘zbekistonda ishlab chiqilsa, uning joriy etilish maydoni oshishiga sabab bo‘lar edi.

Turli modifikatsiyaga ega bo‘lgan seyalkalarning iqtisodiy samaradorligi

Bajariladigan agrotadbirlar nomi

Ishlatilgan texnika va uskunalar

Yoqilg‘i sarfi, (l/ga)

Mehnat unumdorligi, (ga/soat)

Mehnat sarfi, 100 ga uchun (kishi/soat)

An’anaviy ekish usuli ko‘rsatkichlari

Yerni shudgorlash

Magnum

40

1,0

100,0

Yerni molalash

Magnum

25

4,0

32,4

Urug‘ ekish

TTZ-80/1 SZ-3.6

8,6

5,5

15,4

Jami 100 ga maydon uchun

x

7360

-

147,4

To‘g‘ridan-to‘g‘ri ekish usuli ko‘rsatkichlari

Urug‘ ekish

TTZ-80/1 SA-11500

8,6

4,1

21,4

Jami 100 ga maydon uchun

x

860

-

21,4

100 gektar ekin maydoni hisobiga

Tejab qolingan resurslar miqdori

x

7500

x

161,9

O‘zbekistonda ishlab chiqarish sharoitida takroriy ekin sifatida dukkakli va boshqa ekinlarning ekilishi g‘o‘za-bug‘doy navbatma navbat ekish tizimida qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan muhim bir yo‘nalish hisoblanadi. O‘zbekistonda dukkakli ekinlardan mosh, soya va loviyani kuzgi bug‘doy o‘rib olingandan keyin uning o‘rniga ikkinchi ekin sifatida ekish va ulardan 1.5−2 t/ga hosil olish mumkin. Dukkakli ekinlardan tashqari, makkajo‘xori, kunjut, poliz, sabzi va boshqa sabzavot ekinlarining yetishtirilishi O‘zbekistonda ekinlar diversifikatsiyasi uchun juda katta imkoniyatlar yaratadi. Oziq-ovqat uchun ishlatiladigan dukkakli ekinlardan mosh iqtisodiy jihatdan O‘zbekistonning barcha mintaqalarida ustunlikka ega. Ma’lumki, dukkakli ekinlar tuproqni azot bilan boyitadi shuning uchun ham ular qishloq xo‘jaligida tuproqni muhofaza qilish va resurs tejovchi texnologiyalar uchun juda muhim hisoblanadi. Azot to‘plashdan tashqari bu ekinlarning tuproq sifatini oshirishi ekinlarga ijobiy ta’sir etadi. To‘plangan azot esa keyingi yilda yetishtiriladigan ekinlarning o‘suv davrida azotga bo‘lgan talabini pasaytiradi bu esa ekinlarni yetishtishirishga ketadigan xarajatlarning kamayishiga sabab bo‘ladi.

Farg‘ona vodiysida sabzi juda katta iqtisodiy samara keltiruvchi ekin hisoblanib, hosildorligi va bozordagi narxlarining yuqoriligi bilan boshqa ekinlardan ajralib turadi. O‘zbekistonda bu ekin qadimdan eng ko‘p foydalaniladigan sabzavot ekini bo‘lib, har bir oila uni juda ko‘p miqdorda iste’mol qiladi. Sabzi ko‘proq qo‘l kuchi talab etadigan ekin hisoblanadi, shuning uchun ham uning hosildorlgi mamlakat miqyosda ancha kam. Respublikada chorva mollari uchun makkajo‘xori takroriy ekin sifatida fermerlar tomonidan juda katta maydonlarda yetishtirilmoqda. Chorvachilikda hamisha yem-xashak va don ekinlariga bo‘lgan talabning katta bo‘lganligi sababli, makkajo‘xori katta maydonlarda ekilmoqda.

Shuni ta’kidlash lozimki, 2017 yilda kuzgi bug‘doy o‘rilgan maydonga takroriy ekin sifatida ekiladigan ekinlar soni va maydoni o‘tgan yillarga nisbatan ancha ko‘p bo‘ldi. Bunga esa asosiy sabab O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining takroriy ekinlarni ekish tashkil qilish bo‘yicha chiqargan qarori muhim ahamiyat kasb etdi. Hukumatning yuqorida qayd etilgan qarori respublikamizda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini avvalgi yillarga qaraganda ancha ko‘p miqdorda ishlab chiqarishga eirishildi. Bu esa o‘z navbatida qishloq xo‘jalik mahsulotlari eksportinig oshishiga sabab bo‘lgan bo‘lsa ikkinchi tomondan ichki bozorni turli don va dukkakli don ekinlari bilan to‘ldirilshiga va shuningdek ozuqa ekinlariga bo‘lgan talabni ham qondirilishiga erishildi.

Xulosalar

O‘zbekistonda yer va suvdan oqilona foydalanishda qishloq xo‘jaligida tuproqni muhofaza qilish va resurs tejovchi texnologiyalar juda muhim iqtisodiy soha hisoblanadi. Tupoqni haydashni umuman kerak emas deb aytishdan biz yiroqmiz. Lekin shuni alohida ta’kidlash joizki, yuqori hosil faqatgina yerni chuqur haydash orqali olinadi deb aytish ham noto‘g‘ri. Tuproq unumdorligini belgilovchi omillardan biri bo‘lgan yomg‘ir chuvalchanglarining tuproqlarimizda kamayib ketayotganligini aksariyat qishloq xo‘jaligida faoliyat olib borayotgan mutaxassislar sezayotgan bo‘lishi mumkin. FAOning O‘zbekistonda o‘tkazgan tajribalariga asoslanib aytish mumkinki, tuproqni chuqur shudgor qilish yomg‘ir chuvalchanglari sonining olib kelgan bo‘lsa, tuproq haydalmagan yoki shudgor qilinmaganda esa chuvalchanglar sonining ortishi kuzatilgan. Dehqonchilikni yanada rivojlantirish uchun resurstejovchi texnologiyalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarning yangi usullarini ishlab chiqarishga jalb etish zarurdir. Hech kimga sir emaski, hozirgi davrda ham ko‘pgina olimlar: «yerni qanday chuqurlikda haydash kerak 30 yoki 40 sm?» degan savolga javob topish uchun bosh qotirishmoqda.