1 yanvardan maktabgacha ta’lim muassasalari uchun ota-onalar to‘lovi miqdori o‘zgardi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, Toshkent, viloyatlar markazlari va viloyatlarga bo‘ysinuvchi shaharlar uchun alohida narxlar belgilandi. Bundan tashqari, narxlar tuman markazlari va qishloq joylari uchun differensiyalangan bo‘ladi.

To‘qqiz soatlik guruhlar uchun narxlar qishloq joylarda — 33 foizga, tuman markazlarida — 5 foizga, viloyat bo‘ysinuvidagi shaharlarda — 9 foiz va viloyatlar markazlarida — 1 foizga kamaytirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati, shuningdek Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shaharlari uchun maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni saqlaganlik uchun to‘lov miqdori belgilangan me’yordan ikki barobarga pasaytirildi.

Ayni paytda Toshkentda to‘lovlar miqdori oshirildi. «Toshkent shahrida to‘lovlar bir oz miqdorda oshirilishiga oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi bilan bog‘liq», — deya izoh berdi MTV vakili.

To‘lovlar miqdori bilan quyidagi havola orqali tanishish mumkin.