Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari IIB qoshida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha boshqarmalar tashkil etildi. Bu haqda ichki ishlar vaziri matbuot kotibi Qutbiddin Burxonov O‘zAga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Mazkur boshqarmalarga boshliqlar tayinlangan bo‘lib, ular viloyat IIB boshliqlarining o‘rinbosarlari hisoblanadi. Mazkur boshqarmalarga chet tillarni o‘zlashtirgan xodimlar qabul qilinadi.

Bundan tashqari, mazkur viloyatlar IIBlarida turizm xavfsizligi holatini monitoring qilish, sayyohlarni real vaqt rejimida mavjud xavf-xatarlar to‘g‘risida ogohlantirish, ularning huquq va manfaatlarining himoya qilinishida ko‘maklashish bilan shug‘ullanuvchi maxsus situatsion markazlar faoliyat ko‘rsatadi.

Hozirda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzdagi transport infratuzilmalari va xizmat ko‘rsatish sohasi ob’ektlarida plakatlar, belgilar va ko‘rsatkichlar o‘rnatilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi 23 noyabrda Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabzda xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasini tasdiqlagan edi. Turizm sohasida xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlarning yagona axborot bazasi va sayyohlar uchun mobil ilova yaratish, shuningdek «E-mehmon» elektron axborot tizimi va «Xavfsiz shahar» yagona apparat-dasturiy majmuani yaratish belgilangan.