Pul mablag‘larini O‘zbekiston banklarida saqlayotganlarning hisob raqamlari tekshirilmaydi. Bu haqda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 yanvar kuni xalq deputatlari Toshkent viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ma’lum qildi.

Prezident tadbirkorlarni chet el banklaridagi pul mablag‘larini O‘zbekiston banklariga ko‘chirishga chaqirdi.

«Nima uchun buni baralla aytayapman, hamma eshitsin: O‘zbekistonda [banklarda saqlash uchun] pulini qo‘ygan birorta odamni tekshirtirmayman. Olib kelinglar pullaringni, [banklarga] qo‘yinglar, korxonalar quringlar, klaster qilinglar, zavodlar ochinglar, necha million dollar qilsalaringiz ham. U zamonlar tugadi, bo‘lgan ish bo‘ldi endi», — dedi davlat rahbari (nutq «O‘zbekiston 24» telekanalining «Axborot 24» dasturi orqali namoyish etildi).

Shavkat Mirziyoyev meva-sabzavot mahsulotlari Toshkent viloyatiga paxtadan ko‘ra ko‘proq daromad keltirishini ham ta’kidlab o‘tdi.

«Paxta bor-yo‘g‘i 1 mlrd 200 mln dollar pul olib kelar ekan. Shu ham iqtisod uchun pulmi, agar kattaroq o‘ylasak? Bu pul emas O‘zbekiston uchun. Biz beshta tumanning meva-sabzavotini bugun qurgan logistika markazimizda uch oygina saqlasak, Toshkent viloyatining o‘zi 500 mln dollarlik meva-sabzavot eksport qila oladi. Menda bunga 100 foizlik hisob-kitobim bor. Kelamiz shu kunlarga. Ishlashimiz kerak, ishlashimiz kerak», — dedi Prezident.

«Bu 500 mln dollar pul avvalgiga o‘xshab Markaziy bankka kelmaydi. Qayerga keladi? Tadbirkorning cho‘ntagiga keladi», — deya ishonch bildirdi davlat rahbari.