Endilikda hajga avval ushbu ibodatni ado etmaganlar bora oladi. Vazirlar Mahkamasining 28 dekabrdagi qarori bilan Haj va umra ibodatlarini tashkil etish va o‘tkazish tartiblari to‘g‘risidagi Nizomga tegishli o‘zgartishlar kiritildi.

Endilikda hajga borishni istaganlar avval ushbu ibodatni ado etmagan bo‘lishi kerak (avvalgi tahrirda - so‘nggi besh yilda hajga bormagan bo‘lishi lozim edi). Shuningdek, umraga bormoqchi bo‘lganlar oxirgi ikki yilda ushbu ibodatni ado etmagan yoki so‘nggi besh yilda haj safariga chiqmagan bo‘lishlari talab etiladi, deya xabar qildi Norma.uz.

«Bunday qarorning qabul qilinishidan asosiy maqsad - avval haj ibodatini ado eta olmagan fuqarolarga [ziyoratga borish] imkoniyat berishdan iborat», — deya o‘zgarishlarga izoh berdi O‘zbekiston Musulmonlar idorasi «Gazeta.uz» uchun.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimiyatlari qoshidagi ziyoratni tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha mas’ul jamoalar vazifalari kengaytirildi. Endilikda ular tadbir boshlanishidan eng kamida besh oy oldindan hajga borishga nomzodlarni saralashni boshlab, ziyoratchilarning to‘liq tibbiy ko‘rikdan o‘tishlarini ta’minlashlari, shuningdek «ijtimoiy muhitni sog‘lomlashtirish bo‘yicha ishlarda namuna bo‘lgan» imom xatiblarni imtiyozli asosda hajga borishlari uchun tavsiya berishlari joriy etildi.

Hajga bormoqchi bo‘lgan nomzodlar uchun quyidagi qo‘shimcha talablar belgilandi:

hajga borish uchun moddiy va jismoniy imkoniyatlarga ega bo‘lishi;

  • haj ibodatini to‘g‘ri va to‘liq ado etish uchun yetarli darajadagi diniy bilimlarni egallagan bo‘lishi;
  • sog‘lom oilaviy munosabatlar, bolalar tarbiyasi, mahallada ijtimoiy-ma’naviy muhitni yaxshilashda namuna bo‘lishi;
  • mahallada «yo‘ldan adashganlarni sog‘lom hayotga qaytarish», ularning ijtimoiy moslashuvida ko‘maklashish va xayriya tadbirlarini o‘tkazishda faol qatnashishi.

Saralab olingan nomzodlar ro‘yxati masjid va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari binolariga osib qo‘yiladi. 15 kun davomida ular bo‘yicha jamoatchilik fikri o‘rganiladi.