Yanvar boshidan O‘zbekistonning qator banklari Toshkentdagi bankomatlardan naqd pul yechib olishga o‘rnatilgan kunlik me’yor miqdorini oshirdi. Bu haqda moliya muassasalari vakillari «Gazeta.uz"ga xabar qildi.

Jumladan, «Fleshka» texnomarkaziga bankomat o‘rnatgan Asia Alliance bank banki chegarani 500 ming so‘mgacha, «Ipoteka-bank» va «Trastbank» — 400 ming so‘mgacha, O‘zbekiston Milliy banki, «O‘zsanoatqurilishbank» va «Qishloq qurilish bank» — 200 ming so‘mgacha oshirdi. Yechib olinayotgan mablag‘ning 1 foizi miqdoridagi komission soliq saqlanib qoldi.

Banklardan birining vakili «Gazeta.uz» savollariga javob qaytarar ekan, naqd pulni yechib olishdagi limitlarning to‘liq bekor qilingani to‘g‘risidagi xabarlarni inkor qildi.

Bankomatlar orqali aholiga naqd pul berish bo‘yicha xizmatlar 14 avgustdan buyon ko‘rsatib kelinmoqda. Bugungi kunga qadar har kunlik me’yor 100 ming so‘mni tashkil etar edi.

Noyabrda Xalqaro press-klub majlisida Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosari Timur Ishmetov tijorat banklari bankomatlar sonini 2017 yil so‘ngiga qadar 200 donagacha ko‘paytirishini ma’lum qilgan edi.