Toshkent aeroporti 6 yanvar kuni noqulay ob-havo sharoiti sababli havo kemalarini qabul qilish uchun yopildi.

«Havo bandargohi hududida kuchli tuman, ko‘rish chegarasi esa eng past darajada. Xalqaro qoidalarga muvofiq, bunday sharoitda havo kemalarining qo‘nishi taqiqlangan», — deyiladi Milliy aviakompaniya xabarida.

Aeroport onlayn-tablosida 23:59 da berilgan ma’lumotlarga ko‘ra, Bishkekdan Air Manas (ZM 1029), Milliy aviakompaniya (HY 604) va Moskvadan Aeroflot (SU 1990) reyslari, shuningdek, MAKning Maledan (HY 3518), Turkish Airlines kompaniyasining Istanbuldan (TK 370), Rossiya Airlines (FV 6971) va Aeroflotning Sankt-Peterburgdan (SU 6971) uchib kelgan reyslari ushlanib qoldi.

Shuningdek YUTeyr (UT 806) va Aeroflotning (SU 1991) Moskvaga, Air Manas kompaniyasining Bishkekka (ZM 1030), Turkish Airlines’ning Istanbulga (TK 371) parvozlari to‘xtatildi.

Mahalliy yo‘nalishlarda Nukus (HY 18), Qarshi (HY 80), Navoiy (HY 48), Buxoroga (HY 24) hamda Nukusdan (HY 17) parvozlar to‘xtatildi.

Flightradar24 sayti ma’lumotlariga ko‘ra, MAKning Maledan kelgan reysi (HY 3518) Navoiy aerodromiga yo‘naltirilgan.

Havo holati yaxshilanganidan so‘ng barcha samolyotlar belgilangan aeroportlarga yetib keladi, deyiladi xabarda.