O‘zbekiston futbol federatsiyasi tomonidan futbolchilarning yoshini kichraytirib ko‘rsatish, hujjatlarni qalbakilashtirishga qarshi kurashish, bu illatlarning ildiziga bolta urish maqsadida mavjud ma’lumotlar muntazam ravishda o‘rganilib, tahlil qilib borilmoqda, deya xabar qildi O‘FF matbuot xizmati.

Tahlil asnosida bir qator noqonuniy holatlar yuzaga chiqdi.

Jumladan, 2008 yil U-16 va 2011 yil U-19 Osiyo chempionatlarida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Abdumutal Abdullayev o‘z tug‘ilgan sanasini 19 sentabr 1992 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa bu futbolchining ismi-sharifi tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha Nodir Teshabayev bo‘lib, 1989 yil 4 oktabr kuni tug‘ilgan. Ayni paytda bu futbolchi hech qaysi jamoa tarkibida to‘p surmayapti.

2010 yil Toshkentda o‘tgan U-16 Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida to‘p surgan Muhammadjon Abdullayev o‘z tug‘ilgan yilini 1994 yil sifatida ko‘rsatgan. Bu futbolchining tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasida tavallud kuni sifatida 23 noyabr 1991 yil ko‘rsatilgan. Muhammadjon Abdullayev 2013 yili o‘z ismini Rasuljon Abdullayevga o‘zgartirib, Birinchi ligadagi «Xotira-79» jamoasida to‘p surib kelgan.

2012 yil U-16 Osiyo chempionatida hamda 2013 yil BAAda o‘tgan U-17 JCHda O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida qatnashgan Ulug‘bek Davlyatov tug‘ilgan yilini 1996 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha uning ismi Nuriddin Hasanov bo‘lib, 1994 yil 20 iyul kuni tavallud topgan. Bu futbolchi shu paytga qadar «Surxon» jamoasida to‘p surib kelgan.

2012 yil U-16 Osiyo chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi tarkibida to‘p surgan Zokir Ahmadaliyev o‘z tug‘ilgan yilini 1996 yil sifatida ko‘rsatgan. Aslida esa tug‘ilganlik haqidagi guvohnomasi bo‘yicha bu futbolchining ismi Dilshod Ahmadaliyev bo‘lib, 1994 yil 2 noyabr kuni tavallud topgan. Bu futbolchi «Bunyodkor» jamoasida to‘p surib kelgan.

Hasanov Burhon «Buxoro» klubi yoshlar jamoasi futbolchisi. 2000 yil tug‘ilgan deb ko‘rsatilgan. Aslida esa 1998 yil tavallud topgan.

Yuqorida nomlari tilga olingan futbolchilar O‘zbekiston futbol federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonov tomonidan bir umrga futboldan chetlatildi.

«O‘zbekiston futbol federatsiyasi doimiy ravishda futboldagi g‘irromliklar, yosh kichraytirishlar va hujjatlarni soxtalashtirish bilan bog‘liq holatlarga qarshi kurash olib boradi. O‘zbek futbolidagi har bir futbolchini shaxsan o‘zim tekshiraman. Agar qonunbuzarliklar aniqlansa, qat’iy ravishda jazolanadi. G‘irrom futbol bizga kerakmas.

O‘z yoshini kichraytirib, chet elda to‘p surib yurgan futbolchilar haqida ham menda barcha ma’lumot bor. Tez orada ular haqida ham batafsil ma’lumotlar e’lon qilinadi va tegishli choralar ko‘riladi.

Shuningdek, futbolchilarni chet davlatlarga sotish bo‘yicha qoidabuzarlikka yo‘l qo‘ygan, katta pul ishlash maqsadida, futbolchini g‘irromlikka qo‘l urishga majbur qilgan futbol agentlari haqida ma’lumotlar to‘plangan. Bu ma’lumotlar ham tez orada federatsiya rasmiy saytida e’lon qilinadi va ularga tegishli jazolar tayinlanadi", — deydi O‘FF prezidenti Umid Ahmadjonov.