8 yanvar kuni Toshkent va Chimkent (Qozog‘iston) o‘rtasida avtobus aloqasi yo‘lga qo‘yiladi, deya xabar qildi O‘zbekiston avtomobil va daryo transporti agentligi.

Juma, 5 yanvar kuni O‘zbekiston delegatsiyasi ishtirokida birinchi sinov reysi amalga oshirildi. 8 yanvardan yo‘lovchi avtobuslari har kuni 6:00—7:00 dan 19:-20:00 gacha bir soat oraliqda harakatlanishni boshlaydi.

«Reyslar vaqti mavsumga qarab o‘zgarishi mumkin. Agarda IIV kechki safarlarga ruxsat bersa ularni 21:00—22:00 da ham amalga oshirishimiz mumkin», — deya qayd etildi agentlikda.

Yo‘nalishda lyuks sinfiga mansub 20 dona MAN, Mercedes-Benz va Higer avtobuslari qatnashi rejalashtirilgan.

Yo‘l haqi (boshlang‘ich bosqichda 50 foizlik chegirma bilan) 80 ming so‘m (Chimkentdan 10 dollar), yo‘l uchun sarflanadigan vaqt esa 3−3,5 soatni, yo‘nalish oralig‘i 145,2 km ni tashkil etadi. Reyslar chegara-o‘tkazish punktlarida ustuvor tartibda texnik to‘xtalishlarsiz amalga oshiriladi. Ya’ni avtobuslar, yo‘lovchilar va ularning yuklari bojxona ko‘rigi va chegara pasport nazoratidan boshqa usullar bilan chegaralarni kesib o‘tayotganlardan alohida — navbatsiz o‘tkaziladi.

Avtobuslar «G‘isht ko‘prik» (O‘zbekiston) va «Jibek Joli» (Qozog‘iston) nazorat-o‘tkazish punktlari orqali chegarani kesib o‘tadi. Yo‘nalishning oxirgi to‘xtash punkti «Toshkent» (O‘zbekiston) va «SHKAAV» (Qozog‘iston" hisoblanadi.

Agentlik kelgusida Qog‘oziston shaharlarini O‘zbekiston Samarqand, Buxoro va Xiva kabi tarixiy shaharlari bilan bog‘lashni rejalashtirmoqda.