O‘zbekistonda 2017 yilning dekabr oyida tovar va xizmatlarning iste’mol narxi (iste’mol narxlar indeksi, INI) o‘rtacha 2,7 foizga, jumladan oziq-ovqat mahsulotlari — 4,4 foiz, nooziq tovarlar — 1,8 foiz va xizmatlar narxi — 0,8 foizga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi Narxlar statistikasi boshqarmasi xabar qildi.
Yilning so‘nggi oyida asosiy inflyatsion omil (ta’sir ulushi — 70,2 foiz) oziq-ovqat mahsulotlari narxining o‘sishi bo‘ldi (nooziq tovarlar — 23,5 foiz, xizmatlar — 6,3 foiz).
O‘tgan oyda eng ko‘p meva va sabzavotlar 14,2 foiz), yorma va dukkakli o‘simliklar (10,3 foiz), tuxum (7,3 foiz) qimmatlashdi. Un — 3,9 foiz, sut mahsulotlari — 3 foiz, shakar, choy va shirinliklar — 2,4 foiz, yog‘-moy — 2 foiz, go‘sht, parranda va baliq — 1,3 foizga qimmatlashdi.
Asosiy iste’mol tovarlari narxi o‘sishi manzarasida sabzi — 15,9 foiz, karam — 5,9 foiz, mosh — 4,7 foiz, uy parrandalari go‘shti — 4,5 foizga arzonlashdi.
Nooziq tovarlar narxi ham 2016 yil dekabridagi 0,8 foiz o‘rniga 1,8 foizga o‘sdi. Umumiy o‘sishning 75 foizi kiyim-kechaklar — 3,1 foiz, shaxsiy gigiyena tovarlari — 2,6 foiz, maishiy to‘qimachilik — 2,3 foiz, oyoq kiyimlari — 2,2 foiz, qurilish materiallari — 1,8 foiz hissasiga to‘g‘ri keldi.
Dekabrda aholiga pulli xizmat ko‘rsatish 0,8 foizga (2016 yil dekabrida — 0,3 foiz) qimmatlashdi. O‘sishga huquqiy xarakterdagi va bank xizmatlari narxining 15 foizga o‘sgani asosiy ta’sir ko‘rsatdi.