Parlament quyi palatasining 4 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan joriy yildagi ilk majlisida deputatlar O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqdilar, deya xabar qildi O‘zA.

Majlisda sog‘liqni saqlash tizimi, xususan, birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatish yo‘nalishidagi islohotlarning ijrosi samaradorligini ta’minlash, ushbu sohada joriy etilgan deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratining bugungi holati va uning natijalari tanqidiy tahlil etilib, bu boradagi faoliyatni amaliy harakatlar bilan takomillashtirish lozimligi ta’kidlandi. Xususan, deputatlar yangi tuziladigan qo‘mita aholini o‘ylantirayotgan masalalar yuzasidan bevosita hududlarda faoliyat yuritib, haqiqiy deputatlik, parlament va jamoatchilik nazoratini amalga oshirgan holda tibbiyotni aholiga yaqinlashtirish borasida aniq takliflar tayyorlab, ularning natijalariga e’tibor qaratishi, bu boradagi qonun ijodkorligi jarayonini faollashtirish bilan birga, sohaga doir qonunlar ijrosini o‘rganishi lozimligiga alohida to‘xtaldilar.

Majlis yakunida siyosiy partiyalar fraksiyalarining va O‘zbekiston Ekologik harakati deputatlar guruhining takliflariga muvofiq O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash masalalari qo‘mitasini tuzish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi hamda yangi qo‘mitaning tarkibi saylandi.

Qo‘mitaga «Milliy tiklanish» O‘zbekiston Demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Inoyat Xojiyev rais bo‘ldi.