O‘zbekistonda qo‘shni davlatlardan shaxsiy foydalanish uchun olib kirilayotgan tovarlarga qo‘yilgan 10 AQSH dollari miqdoridagi chegaraning bekor qilinishi kutilmoqda. Bu haqda «Gazeta.uz"ga hukumatdagi axborot manbasi ma’lum qildi.

Belgilangan chegarani qayta ko‘rib chiqish to‘g‘risidagi hujjat hali imzolanmagan, biroq Qozog‘iston bilan chegarada yil boshidan buyon shaxsiy foydalanish uchun 1000 dollargacha miqdordagi tovarlarni bojsiz olib kirishga ruxsat berilgan. «Gazeta.uz» muxbiri payshanba kuni «G‘isht ko‘prik» («Chernyayevka») o‘tkazish punktiga tashrif buyurib, bunga amin bo‘ldi.

Qo‘shni davlatlardan shaxsiy ehtiyojlar uchun mo‘ljallangan tovarlarni bir vaqtda olib kirish uchun 10 dollarlik me’yor «ichki iste’mol bozorini himoya qilish maqsadida» 2009 yil iyunda o‘rnatilgan edi. Unga qadar mazkur me’yor 25 dollarni tashkil etgan. Qo‘shni bo‘lmagan davlatlardan esa 1000 dollargacha miqdordagi tovarlarni bojsiz olib kirish mumkin.

Qozog‘iston tomonidan chegarani kesib o‘tayotgan fuqarolar chegaradan o‘tish birmuncha osonlashganini ta’kidlashdi. «Juda tez o‘tdim, atigi besh daqiqa, sumkalarni hech kim tekshirmadi, shunchaki rentgen orqali o‘tkazishdi», — dedi fuqarolardan biri.

Sumkalar va mikroto‘lqinli pech olib o‘tayotgan ayol unga hech kim hech qanday savol bermaganini ta’kidladi. «Gazeta.uz» so‘rov o‘tkazgan barcha fuqarolar 10 dollarlik chegara bekor qilinganini qizg‘in qarshi olishdi.

Qayd etish joizki, bojsiz olib kirishga taalluqli me’yorlar tijoriy maqsadlarga mo‘ljallangan tovarlarni olib o‘tayotgan jismoniy shaxslarga nisbatan qo‘llanilmaydi.

1 yanvardan 2000 dollargacha miqdordagi naqd xorijiy valyutalarni O‘zbekistondan olib chiqish va olib kirishda yozma deklaratsiya qilish talabi ham bekor qilingan.

Mamlakat xalqaro aeroportlarida yil boshidan buyon ikki yo‘lak («yashil» va «qizil») tizimi ish boshladi.