O‘zbekiston IIV viloyatlar o‘rtasidagi 54 ta yo‘l-patrul xizmati maskani va blokpostlar faoliyati tugatilganini ma’lum qildi.

Viloyatlar chegaralaridagi postlarni tugatish masalasi Prezident Shavkat Mirziyoyevning 22 dekabrdagi parlamentga murojaatnomasida ko‘tarilgan, bu kabi postlar odamlar harakatlanishini cheklab, iqtisodiyot va turizmning rivojlanishiga salbiy ta’sir ko‘rsatilayotgani ta’kidlangan edi.

Bu yerda Shahrixon tumanidagi to‘siq posti mavjud edi. Foto: IIV.

Keyinroq ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zAga viloyatlar chegaralarida jami 133 ta post, jumladan 60 ta YPX, 73 ta PPX postlari ekanini ma’lum qilgan edi.

IIVda viloyatlar o‘rtasidagi postlarning maqsadga muvofiqligini o‘rganish uchun maxsus ishchi guruhi tashkil etildi. Dastlabki o‘rganishlardan keyin 66 ta postni tugatish to‘g‘risida xulosalar tayyorlandi.

Qoraqalpog‘istonning Beruniy tumanidagi doimiy YPX posti. Foto: IIV.

Beruniy tumanidagi YPX posti joylashgan yer. Foto: IIV.

Ayni vaqtgacha 21 ta YPX, 14 ta blokpost va 19 ta to‘siq post faoliyati tugatildi.

IIV qolgan postlar faoliyatini o‘rganish davom etayotganini ma’lum qildi.