O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari juma kuni atom energiyasidan tinchlik maqsadlarda foydalanish sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Hujjatga bosh vazir o‘rinbosari Nodir Otajonov va «Rosatom» davlat korporatsiyasi bosh direktori Aleksey Lixachev tomonidan imzo chekildi.

«Rosatom» matbuot xizmatining xabar qilishicha, bitim atom energiyasidan tinchlik maqsadlarda foydalanish sohasida ikki tomonlama hamkorlik uchun huquqiy asoslarni yaratadi.

O‘zaro hamkorlikni rivojlantirish uchun istiqbolli yo‘nalishlar sifatida O‘zbekiston atom energetikasi uchun milliy infratuzilmalarni takomillashtirish va kadrlarni tayyorlash, mamlakatda AES va tadqiqot reaktorlarini qurish, shuningdek ularning barcha hayotiy sikllarini qo‘llab-quvvatlash, uran konlari razvedkasi va ularni o‘zlashtirish, uran radioizotoplarini ishlab chiqish va ularni sanoat, tibbiyot va qishloq xo‘jaligi, ilmiy va fundamental tadqiqotlarda foydalanish kabilar belgilandi.

Bitim aniq loyihalar va ilmiy tadqiqotlarni bajarish uchun hamkorlikdagi ishchi guruhlarni shakllantirish, ekspertlar almashish seminar va simpoziumlarni tashkil etishni ham ko‘zda tutadi.

2 noyabr kuni Rossiya bosh vaziri Dmitriy Medvedovning O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida O‘zbekiston Fanlar akademiyasi va «Rosatom» o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum hamda FA Yadro fizikasi instituti va «Rosatom"ning «TVEL» Yonilg‘i kompaniyasi o‘rtasida VVR-SM tadqiqot reaktori uchun yadro yonilg‘isini ishlab chiqarish va yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.

Bitim imzolanganidan so‘ng «Rosatom» rahbari Aleksey Lixachev shunday dedi: «Bizning taklifimiz — bu yerda, O‘zbekistonda o‘zbek tomoni o‘zi uchun ma’qul muddatlarda „uch plyus“ VVER-1200 avlodiga mansub ikkita blokdan iborat stansiya qurish. Bunday stansiyalar qurish bo‘yicha tajribamiz juda salmoqli».

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston uchun ehtimoliy loyiha ulkan ahamiyat kasb etadi — mamlakat energetika kompleksini diversifikatsiya qilib, energetik xavfsizlik uchun katta imkoniyatlarni yarata oladi. Aleksey Lixachev Rossiya tomoni o‘z hisobidan O‘zbekistonga mutaxassislar tayyorlab berishga tayyor ekanini qo‘shimcha qildi.