«O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi 30 dekabrdan 3 yanvargacha bo‘lgan muddatda mahalliy yo‘nalishlar bo‘yicha chiptalarga chegirmalar joriy etilganini e’lon qildi. Bu haqda tashuvchi matbuot xizmati xabar qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning yaqinda e’lon qilingan farmonida Yangi yilda ketma-ket besh kunlik ta’til belgilangan edi. Hujjatda bayram (ishlanmaydigan) kunlari muddati uzaytirilganini hisobga olgan holda transport va mehmonxona xizmatlariga chegirmalar va aksiyalar taqdim etish orqali respublika aholisi uchun ichki turizm yo‘nalishlari va faol dam olishni tashkil etish topshirildi.

Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, turistik guruhlar (besh kishidan boshlab), maktab yoshidagi bolalar (6−15 yosh) hamda kollej, litsey va OTMlar talabalari uchun 40 foizlik chegirma joriy etildi.

Ikki va undan ortiq kishi bo‘lgan oilalar hamda farzandlarini olib ketayotgan ota-onalar uchun 50 foizlik chegirma amalda bo‘ladi.