Toshkentda yil boshidan buyon pora olish yoki poraxo‘rlikda vositachilik qilish bilan bog‘liq 493 holat ro‘yxatga olindi. Bu haqda payshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda poytaxt IIBB boshlig‘i o‘rinbosari Doniyor Toshxo‘jayev ma’lum qildi.

Bunga qo‘shimcha ravishda soxta pul tayyorlash va muomalaga chiqarish bo‘yicha 33 ta, valyuta qimmatliklarini noqonuniy sotib olish yoki muomalaga chiqarish bo‘yicha 92 holat aniqlandi.

Shahar prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i Bobir Dehqonov 29 nafar mansabdor shaxsning korrupsion jinoyatlarga qo‘l urgani hisobga olinganini ma’lum qildi. Ular O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 210-(pora olish), 211-(pora berish) va 212-(poraxo‘rlikda vositachilik qilish) moddalari bo‘yicha javobgarlikka tortildi.

«Mansabdor shaxslar qatorida ichki ishlar organlari, Sud qarorlarini ijro etish departamenti, notarial idoralar, o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi muassasalari, kommunal xizmatlar xodimlari mavjud», — deya aniqlik kiritdi prokuratura vakili.