5 sentyabr kuni Bishkek shahrida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qirg‘izistonga davlat tashrifi chog‘ida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi Hukumati bilan Qirg‘iziston Respublikasi Hukumati o‘rtasida chegara vakillari faoliyati to‘g‘risidagi Bitim 26 dekabrda kuchga kirdi, deya xabar qildi TIV matbuot xizmati.

Mazkur hujjat tomonlar chegara vakillarining Davlat chegarasidagi chegaraviy mojarolar va nizolarni hal qilish bilan bog‘liq masalalarni yechish bo‘yicha faoliyatini tartibga soladi.

Bitimga muvofiq chegara vakillari uchastkalari doirasida o‘z faoliyatida:

Davlat chegarasini kesib o‘tish bo‘yicha o‘rnatilgan qoidalarga rioya etilishini nazorat qiladilar va uni belgilangan tartibni buzgan holda kesib o‘tishning oldini olish bo‘yicha choralar ko‘radilar;

vakolatli davlat organlari bilan birgalikda noqonuniy migrantlarni deportatsiya qilish (topshirish) va kontrabandaga qarshi kurashish bo‘yicha zarur choralarni ko‘radilar va Davlat chegarasida xo‘jalik ishlarini amalga oshirilishi hamda chegara suv havzalari suvidan foydalanish, ovchilik va baliqchilik qoidalariga rioya qilish nazoratini ta’minlaydilar;

Davlat chegaralari orqali yong‘inlar, epidemiyalar, epizootiyalar va qishloq xo‘jaligi zararkunandalarining tarqalishi xavfi tug‘risida bir-birlarini o‘z vaqtida xabardor qiladilar.

Ushbu ikki tomonlama hujjatning kuchga kirishi Davlat chegarasida yuz berayotgan masalalarni o‘z vaqtida yechish uchun qo‘shimcha huquqiy mexanizm sifatida xizmat qiladi.