O‘zbekistonning Moskvadagi elchixonasi noma’lum shaxslar tomonidan kaltaklanib, hujjatlarini yo‘qotgan mamlakatning keksa yoshli fuqarosi Nella Stepanovna Chevtayevaga yordam ko‘rsatmoqda. Bu haqda TIV matbuot xizmati xabar qildi.

«Rossiya 24» telekanali, «Komsomolskaya pravda» gazetasi va boshqa bir qator ommaviy axborot vositalari tomonidan 78 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Nella Stepanovna Chevtayeva to‘g‘risida ma’lumot tarqatildi. U Belarusda o‘z o‘g‘li bilan doimiy yashash uchun 16 dekabr kuni «Domodedovo» aeroportiga uchib kelgan edi.

Matbuot tarqatgan ma’lumotga ko‘ra Nella Chevtayeva Moskva viloyatining Domodedova shahrida kaltaklash izlari bilan og‘ir ahvolda volontyorlar tomonidan topilgan.

25 dekabr kuni O‘zbekistonning Moskva shahridagi elchixonasi konsullik bo‘limiga jabrlanuvchining nabirasi murojaat qildi va unga shaxsni tasdiqlash tartibi tushuntirildi hamda to‘ldirish uchun anketalar berildi. Lekin u buvisi haqidagi ma’lumotlarga ega emasligini bildirib, hujjatlarni olib ketgan va Konsullik bo‘limiga boshqa murojaat etmagan.

Hozirgi vaqtda elchixonaning konsullik bo‘limi xodimi jabrlanuvchiga yordam berish va shaxsni tasdiqlovchi hujjat masalasini hal qilish uchun Nella Chevtayeva joylashgan joyga yetib bordi.