Noqulay ob-havo, qalin qor, yo‘llarning sirpanchiqligi sababli Qamchiq dovonining yuqori qismida chorshanba kuni transport vositalari harakati cheklangan tartibda tashkil etildi. Yo‘llarni qor uyumlaridan tozalash maqsadida transportlari kam miqdorda o‘tkazib turildi.
Dovonga joylashtirilgan maxsus xizmatlar tomonidan avtoyo‘lning o‘tish qismida olib borilgan tozalash ishlaridan so‘ng 17:20 dan boshlab shtat rejimida ikki yo‘nalishda harakatlanishga ruxsat berildi.
O‘zbekiston FVV ma’lumotlariga ko‘ra, harakat cheklangan davrda haydovchilar va yo‘lovchilarning isinishlari uchun sharoitlar yaratildi. 70 nafardan ortiq kishi doimiy faoliyat ko‘rsatuvchi postlarga, 1800 ga yaqin kishi esa 45 ta umumiy ovqatlanish maskanlariga joylashtirilib, issiq choy va taom bilan ta’minlandi. 29 nafar bola onalari bilan onalar va bolalar xonalariga joylashtirildi.
44 ta avtotransport vositasi qor uyumlari orasidan chiqarib olinib, ularning 6 donasi evakuatorlar yordamida texnik ta’mirlar punktlariga yetkazildi. Harakatlanuvchi avtomobillarga yonilg‘i quyish stansiyalari faoliyati tashkil etildi. 25 nafardan ziyod haydovchi va yo‘lovchilarga tibbiy va psixologik yordam ko‘rsatildi.
Dovonda sirpanchiqlar yuzaga kelishi va ko‘rinish darajasining yomonlashuvi ehtimoli saqlanib qolmoqda. Shu munosabat bilan haydovchi va yo‘lovchilardan ehtiyot choralarini ko‘rish so‘ralmoqda.

Qamchiq dovonidagi ob-havo haqidagi ob-havo ma’lumotlari FVV saytida, vazirlikning Facebook sahifasi va Telegram-kanalida e’lon qilib blrilmoqda.