Yanvar oyining dastlabki kunlaridan Mirzo Ulugbek Innovation Center o‘z rezidentlari imtiyozli «Rezident» tarifi asosida bank xizmatlaridan foydalanishlari mumkin. Mazkur xizmatlar «Aloqabank» bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, rezidentlarga qator imtiyoz va qulayliklar taqdim etadi va ularni bank operatsiyalaridagi ma’muriy jarayonlardan ozod qiladi.
MUIC matbuot xizmatining «Gazeta.uz"ga xabar qilishicha, innovatsion markaz rezidentlar xohishiga ko‘ra ishonchli vakil sifatida bank xizmatlari: valyuta hisobini ochishdan tortib, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda ko‘maklashishgacha bo‘lgan jarayonlarda ular manfaatlarini himoya qiladi.
Shuningdek innovatsion markaz xodimlari «Aloqabank» mutaxassislari bilan birgalikda IT sohasidagi startap loyihalar uchun investitsiyalarni jalb qilish va moliyalashtirish mexanizmlari bo‘yicha konsultativ yordam ko‘rsatadi.