«Mehribonlik», «Muruvvat» uylari va «SOS-bolalar qishloqlari» tarbiyalanuvchilari, shuningdek xizmat burchini ado etish vaqtida halok bo‘lgan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining farzandlariga Yangi yilda O‘zbekiston Prezidentining 11 mingga yaqin sovg‘asi topshiriladi.

Xalq ta’limi vazirligi matbuot xizmatining xabar qilishicha, har bir sovg‘a 12 nomdagi o‘quv qurollari va 15 nomdagi shirinliklardan tarkib topgan. 3734 ta sovg‘a poytaxt, Toshkent, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari bo‘ylab avtotransportda, yana 6265 tasi 25−28 dekabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlarga «O‘zbekiston havo yo‘llari» Milliy aviakompaniyasi samolyotlarida yetkaziladi. 1000 ta jamlama «Sen yolg‘iz emassan» jamg‘armasiga taqdim etiladi.

Sovg‘alar bolalarga Prezident archasi tadbirlarida topshiriladi. Mazkur marosimlar esa 29−30 dekabr kunlari bo‘lib o‘tadi.