2019 yil 1 yanvardan boshlab jismoniy shaxslarning yengil avtotransport vositalarini majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish faqatgina tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Bu O‘zbekiston hukumatining 22 dekabrdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 1 yanvardan yo‘l harakati xavfsizligi bo‘linmalarining jismoniy shaxslarning yengil avtotransport vositalarini (yuk, yo‘lovchi va maxsus transport vositalaridan tashqari) majburiy texnik ko‘rikdan o‘tkazish funksiyasi bosqichma-bosqich tadbirkorlik sub’ektlari — yuridik shaxslarga topshiriladi.

15 yanvarga qadar texnik ko‘rikdan o‘tkazganlik uchun to‘lovlar miqdorlari qayta ko‘rib chiqilishi, bunda transport vositasi toifasi hisobga olingan holda yuridik va jismoniy shaxslar uchun alohida differensiyalangan to‘lov miqdorlari joriy etilishi lozim.
Ichki ishlar vazirligi doimiy ravishda tadbirkorlarning texnik ko‘rikdan o‘tkazish borasidagi faoliyatini monitoring qilib, samaradorligini tahlil qilib boradi. 2018 yilda texnik ko‘rikdan o‘tkazish jarayonini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilishi lozim.