22 dekabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev parlamentga murojaatnomasida Moliya vazirligi faoliyatini keskin tanqid qilganidan so‘ng vazirlikdan 16 kishi ishdan bo‘shatilgan edi.

O‘zAning ma’lum qilishicha, ikki nafar bosh boshqarma boshlig‘i, ikki nafar bosh boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, to‘rt nafar boshqarma boshlig‘i, bir nafar boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, uch nafar bo‘lim boshlig‘i va to‘rt xodim lavozimidan chetlatilgan. Keyingi kunlarda yana sakkiz kishi bo‘shatilib, ular soni 24 taga yetgan.

Eslatib o‘tamiz, Prezident murojaatnomasida Moliya vazirligi tomonidan tayyorlangan 2018 yilgi davlat byudjeti qayta ko‘rib chiqilmaguncha unga imzo chekmasligini ma’lum qilgan edi.

«Men odamlar hayotini osonlashtiradigan byudjetga imzo qo‘yaman», — degan edi davlat rahbari. «Kelinglar, har bir odamni boy qilaylik, xalqning o‘zi soliqlarni to‘laydi. Agarda biz uni talasak, qanday qilib u soliqlarni to‘lashi mumkin?» — dedi Shavkat Mirziyoyev.