21 dekabr kuni Rossiya Federatsiyasi hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim kuchga kirdi. Hujjat O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 5 aprelda Rossiyaga amalga oshirgan davlat tashrifi chog‘ida imzolangan edi.

Mazkur bitim ishchi kuchi harakatlanishi jarayonini tartibga solish va uni huquqiy jihatdan yanada takomillashtirish hamda Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan mehnatkash-migrantlarning huquq va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini ta’minlash zaruriyatidan kelib chiqqan holda ishlab chiqildi.

«Jahon» AAning xabar qilishicha, hujjat Rossiya hududida vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston fuqarolarini tashkiliy asosda qabul qilish va jalb etish bo‘yicha tomonlarning o‘zaro hamkorligi tartibi va shartlarini belgilab beradi.

Rossiyaning vakolatli organlari tomonidan mehnat migrantlariga eng kam ish haqi talablariga rioya etish, munosib turmush sharoitlarini yaratish, tibbiy va ijtimoiy sug‘urta bilan ta’minlash bo‘yicha mustahkam huquqiy kafolat taqdim etadigan tartibni joriy qilish ko‘zda tutilgan.