O‘zbekiston Moliya vazirligida uchta boshqarma boshlig‘i lavozimidan ozod etildi. Bu haqda vazirlikdan «Gazeta.uz"ga xabar qilindi.

Soliq va bojxona tarif-siyosati boshqarmasi boshlig‘i Irina Golisheva, Buxgalteriya hisobi va audit uslubiyoti boshqarmasi boshlig‘i Sharofutdin Haydarov hamda Sanoatning bazaviy tarmoqlari, yoqilg‘i-energetika majmui va geologiyani rivojlantirish moliyasi va tarifni tartibga solish bosh boshqarmasi boshlig‘i Akmal Abdullayev lavozimlarini tark etdi.

Moliya vazirligi kadrlar bilan ishlash boshqarmasi avvalroq internet nashrlari tomonidan e’lon qilingan 50 kishining ishdan bo‘shatilgani to‘g‘risidagi axborotlarni inkor etib, yana bir necha xodimlarni ishdan bo‘shatish masalasi ko‘rib chiqilayotganini ma’lum qildi.

Eslatib o‘tamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni parlament oldida chiqishida moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorovga 10 kun muddatda «barcha eski kasalliklardan» xalos bo‘lish va kadrlar o‘rtasida tozalash o‘tkazish vazifasini topshirgan edi.