Andijon shahar hokimi Dilmurod Rahmatullayev 16 oktyabr kuni shahardagi bir qator ta’lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilgani uchun eng kam ish haqining 30 baravari (5,167 mln so‘m) miqdorida jarimaga tortildi. Bu haqda O‘zbekiston Bosh prokuraturasi matbuot xizmati xabar qildi.

Sud hokimni Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasi (haqorat qilish, ya’ni shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish) bo‘yicha aybdor deb topdi. Mazkur huquqbuzarlik uchun jarima miqdori EKOIHning 20 dan 40 baravarigachani tashkil etadi.

Hokim tomonidan ta’lim muassasalari rahbarlarini nojo‘ya so‘zlar bilan haqorat qilingani yuzasidan Andijon viloyat prokuraturasi tekshirish o‘tkazdi. Tekshirish davomida viloyat prokuraturasi tomonidan kiritilgan taqdimnoma asosida xalq deputatlari Andijon shahar Kengashi tomonidan Dilmurod Rahmatullayevni ma’muriy javobgarlikka tortishga rozilik berish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.

Tekshirish natijasiga ko‘ra hokimga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlikka oid ish qo‘zg‘atilib, ko‘rib chiqish uchun sudga yuborilgan.