5 ta klubning 100 nafardan ziyod futbolchilari O‘zbekiston Superligasida (avvalgi Oliy liga) ishtirok etish uchun dastlabki normativ sinovlaridan o‘ta olmadi, deya xabar qildi Futbol federatsiyasi.

O‘FF o‘zbek futboli tarixida birinchi marta milliy chempionatda ishtirok etayotgan klublar futbolchilarini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu chora-tadbirlar Superliga klublarida ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holatini nazorat qilish, terma jamoalar uchun munosib nomzodlarni yetkazish maqsadida amalga oshirilmoqda, deyiladi xabarda.

Shu kunga qadar O‘FF jadvaliga muvofiq «Olmaliq», «Mash’al», «Navbahor», «Qo‘qon-1912» va «Sementchi» jamoalari sportchilari sinovdan o‘tdi. Sinovlar 30 metrga yugurish, turgan joyidan uzunlikka sakrash, 7×50 metrga yugurish va «Yo-Yo» test (fishkalar orasida 20 m masofaga yugurish) bo‘yicha o‘tkazildi.

Normativlar topshira olmagan futbolchilarga milliy chempionat boshlangunga qadar muhlat beriladi. Ular klub bosh murabbiyi belgilab bergan dastur orqali o‘z ustilarida ishlashlari kerak.

Superliga boshlanishidan avval klub futbolchilaridan yana bir bor normativlar qabul qilinadi. Sinovlardan o‘ta olmagan futbolchilar chempionatda ishtirok eta olmaydilar.

«Milliy chempionatimiz futbolchilaridan normativlar qabul qilish O‘zbekiston Futbol Federatsiyasi prezidenti Umid Ahmadjonovning talabi bo‘lib, bunday normativlar endilikda har doim futbolchilardan qabul qilinadi va ularning jismoniy holati nazorat qilib boriladi, — dedi Klublar futbolchilaridan normativlarni qabul qilayotgan pedagogika fanlari nomzodi, professor Shamil Iseyev. — Bunday normativlar butun dunyoda topshiriladi. Masalan, „Yo yo test“ Yevropaning kuchli chempionati futbolchilaridan ham mavsum oldidan olinadi va ularning tezkorligi, chidamliligi sinovdan o‘tkazib turiladi. Terma jamoamizning xalqaro maydonlardagi muvaffaqiyatsiz o‘yinlarining asl sababini ham aynan mana shundan qidirish kerak».

«Masalan, Jahon chempionati saralash bahslarida qatnashgan O‘zbekiston milliy terma jamoasi futbolchilari o‘yinlarini tahlil qiladigan bo‘lsak, uchrashuv oxirlariga kelib futbolchilarning texnik-taktik harakatlar pasaygani, to‘pni olib qo‘yish, sheriklariga oshirish, uzun paslar berish, havodagi to‘p uchun kurash va hokazolarda braklar ko‘payganini ko‘rish mumkin», — deya davom ettirdi mutaxassis.

«Bizning futbolchilar jismoniy jihatdan kuchli bo‘lmaganliklari tufayli 90 daqiqa davomida faol harakat qila olishmadi. Natijada, JCH yo‘llanmasi qo‘ldan boy berildi. Agar milliy chempionatimizda ishtirok etadigan futbolchilarning jismoniy holati yaxshi bo‘lsa, bu holat terma jamoalarimiz o‘yinlariga ham ijobiy ta’sir ko‘rsatadi», — dedi Shamil Iseyev.

«Bunday normativlar bundan buyog‘iga doimiy ravishda futbolchilardan olinadi. Futbolchilarning jismoniy holati hamisha nazoratda bo‘ladi. Tartib-intizom hamisha birinchi o‘rinda bo‘lishi kerak. Qayerdaki, tartib-intizom o‘rnatilmas ekan, o‘sha yerda natijalar ham salbiylashib boraveradi. O‘z ustida ishlamaydigan, tartib-intizomga amal qilmaydigan futbolchi va murabbiylardan natija kutish ham mantiqan noto‘g‘ri. Bir so‘z bilan aytganda, tartib-intizomga rioya qilmaydiganlarga oramizda o‘rin yo‘q», — dedi Futbol federatsiyasi rahbari Umid Ahmadjonov.