O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev shanba kuni Toshkentdagi qator ijtimoiy ob’ektlarga tashrif buyurdi, deya xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Davlat rahbari dastlab, O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Milliy bog‘i hududida bunyod etilgan yangi binosi qurilishi va Adiblar xiyobonida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdi.

Ma’lumki, davlat rahbari iyun oyida bu yerga tashrif buyurib, qurilish va obodonlashtirish bilan bog‘liq topshiriqlar bergan edi. O‘tgan 6 oy davomida 9,6 gektardan iborat maydonda ulkan ishlar amalga oshirildi. O‘zbekiston yozuvchilar uyushmasining yangi binosi qad rostladi. Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, uning birinchi qavatiga «Jahon adabiyoti», «Sharq yulduzi», «Yoshlik» jurnallari tahririyatlari hamda «Ijod» jamoatchilik fondi joylashadi. Binoda 150 o‘rinlik faollar zali ham mavjud bo‘lib, u ijodiy kechalar, badiiy muhokamalarni shu yerning o‘zida o‘tkazish imkonini beradi. Binoning ikkinchi qavatida Yozuvchilar uyushmasi joylashadi. Uning huzurida boy kutubxona ham tashkil etiladi.

Shavkat Mirziyoyev Uyushma maqomini ko‘tarish, uni xalq ma’naviyatini yuksaltirishga ta’sir ko‘rsatadigan muassasaga aylantirish zarurligini ta’kidladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev ijod sharoitini yanada yaxshilash, xususan, Uyushma hovlisini kishini ilhomlantiradigan go‘zal gulzorga aylantirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

Davlat rahbarining topshirig‘iga binoan Uyushmaning kutubxonasi Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxona bilan bog‘lanadi, ijodkorlar uning boy kitob fondidan shu yerdan turib bemalol foydalana oladi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uyushmaning ma’naviy-ma’rifiy ahamiyatini yanada yuksaltirish uchun bu yerda ochilgan Adabiyot muzeyi yanada boyitish konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish maqsadga muvofiq ekanini ta’kidladi.

Ijodkorlar yaratilgan sharoit, yuksak e’tibor uchun davlatimiz rahbariga samimiy minnatdorlik bildirib, xalqimiz ma’naviyatini boyitish, yosh iqtidorlarni yuzaga chiqarish borasida bor kuch-g‘ayratini ishga solishlarini ta’kidladi.