O‘zbekistonda viloyatlar o‘rtasidagi barcha yo‘l-patrul postlari faoliyati to‘xtatiladi, statsionar YPX postlar soni keskin qisqartiriladi. Bu haqda juman kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasiga murojaatida ma’lum qildi.

«Hozirgi vaqtda viloyatlar o‘rtasida yo‘l-patrul postlarining eskicha joylashuvi harakatlanish erkinligini cheklab, savdo-iqtisodiy munosabatlar, ichki va tashqi turizm rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda», - dedi Prezident.

Bugungi kunda O‘zbekiston hududida 60 dan ziyod bunday post mavjud. «Endi tasavvur qiling, oddiy odam Xorazmdan Toshkentga mashinasida bormoqchi bo‘lsa, yo‘lda 17 ta postdan o‘tadi. Farg‘ona vodiysidan kelayotgan kishi esa 8 ta ana shunday postga duch keladi», - deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident YPX xodimlari kameralar bilan ta’minlanishini ma’lum qildi. Bu esa korrupsiya darajasining qisqarishiga xizmat qiladi.

«To‘xtatdimi? Agarda kamera bo‘lmasa, to‘xtatish huquqiga ega bo‘lmaydi… To‘xtatsa yoqilgan kamera bilan suhbatlashsin, shunda hammasi yozib olinadi. Aks holda xodimning o‘zi jinoiy javobgarlikka tortiladi. Barcha korrupsion holatlar suhbat jarayonida kelib chiqadi», - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bunday kameralardan barcha rivojlangan davlatlarda foydalanilmoqda, O‘zbekiston ularni hozirda sotib olmoqda, 10 fevraldan topshirish boshlanadi, dedi Prezident. Taklif olqishlar bilan qarshi olindi.